Avvalroq Spot Latviya Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni vaqtincha cheklashni taklif qilgani haqida yozgandi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonulla Fayziyev bu masala yuzasidan Gazeta.uz nashriga izoh berdi.
Uning aytishicha, cheklovlar rejalashtirilayotgani haqidagi ma’lumot paydo bo‘lishi bilan vazirlik diplomatik choralarni ko‘rishni boshlagan.
O‘zbekistonning Rigadagi elchixonasi Latviya bosh vaziri devoni rahbariyati, Tashqi ishlar va Iqtisodiyot vazirliklari, shuningdek, prezident ma’muriyati vakillari bilan bir qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazgan.
O‘z navbatida, O‘zbekiston TIV Konsullik-huquqiy masalalar departamenti Latviyaning Toshkentdagi elchixonasi bilan muzokaralar olib borgan.
“Muzokaralar davomida Latviya tomoniga taklif etilayotgan choralarning ikki tomonlama munosabatlarga ehtimoliy ta’siri yuzasidan O‘zbekistonning pozitsiyasi yetkazildi. Ko‘rilgan [diplomatik] choralar natijasida Latviya tomoni mavjud holatga o‘zgartirish kiritishga ehtiyoj yo‘qligini ilgari surdi”, — dedi Fayziyev.
Shuningdek, u TIV xorijdagi fuqarolarni “o‘z xatti-harakatlariga mas’uliyat bilan yondashish”, bo‘lib turgan mamlakat qonunlari va mahalliy urf-odatlarga rioya qilishga chaqirayotganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim shaxslarning huquqbuzarliklari qonuniy ravishda o‘qiyotgan, ishlayotgan, yashayotgan yoki sayohat qilayotgan fuqarolarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Latviya ichki ishlar vaziri Yanis Dombrova 29-sentabr kuni hukumat yig‘ilishida O‘zbekiston fuqarolari tomonidan sodir etilgan bir nechta jinoyat holatlariga, jumladan, voyaga yetmaganlarga qarshi jinoyatlarga ishora qilib, ushbu tashabbusni ilgari surgan. Biroq hukumatdagi “Milliy birlashma” partiyasi hamkorlari masalani kun tartibiga kiritmagan.
Avvalroq Spot vizasiz rejim bekor qilingach, o‘zbekistonliklarning Tailandga sayohat talabi pasaygani haqida yozgandi.