Vizasiz rejim bekor qilingach, O‘zbekiston fuqarolarining Tailandga sayohat qilishga qiziqishi sezilarli darajada kamaydi. Bu haqda Spot’ga aviachiptalarni qidirish xizmati Aviasales Uzbekistan matbuot xizmati ma’lum qildi.

Sentabr oyida O‘zbekistondan Tailandga aviachiptalarni qidirishlar soni 81%, bron qilishlar esa 84% ga kamaygan.

15-sentabrdan Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni bekor qildi. Endilikda mamlakatga borish uchun Thai E-Visa tizimi orqali oldindan viza olish kerak.

Buning uchun xorijga chiqish pasporti, aviachiptalar, mehmonxona bronini tasdiqlovchi hujjat va har bir kishi uchun kamida 20 ming bat ($600 dan ortiq) yoki oila uchun 40 ming bat ($1200 dan ortiq) mablag‘ borligini tasdiqlovchi bank ko‘chirmasi talab etiladi.

Konsullik yig‘imini to‘lash ham qo‘shimcha muammo bo‘lgan. Ariza topshirish narxi taxminan $30, biroq viza to‘lovini faqat Tailandning diplomatik vakolatxonasi orqali jismoniy amalga oshirish mumkin. O‘zbekistonga eng yaqin vakolatxona Moskvada joylashgan.

Shu bilan birga, sayohatlarning o‘rtacha davomiyligi deyarli o‘zgarmagan — 10−12 kun. Bolalar bilan sayohat qilish ulushi ham avvalgidek qolgan.

Manzilga qarab aviachiptalarning o‘rtacha narxi 5−10% ga oshgan. Aviasales bu holatni joriy mavsum uchun odatiy deb baholagan.

Avvalroq sentabr boshida Spot turizm sohasi va aviakompaniyalar vakillariga tayanib, vizasiz rejimning bekor qilinishi o‘zbekistonlik sayyohlarga ta’siri, jumladan, yo‘nalishga bo‘lgan talabning o‘zgarishi va aviaqatnovlar qisqarishi xavfi haqida yozgan edi.


Avvalroq Spot Latviyada o‘zbekistonliklarga viza berishni vaqtincha to‘xtatish taklif qilingani haqida yozgandi.