Latviya Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni vaqtincha cheklashni taklif qildi.
Vazirlik bu haqda 29-sentabr kuni ma’lum qilib, tashabbusni o‘zbekistonliklar mamlakatga kelganidan o‘tmay jinoyat sodir etgan bir necha holat bilan izohladi.
Latviya IIV Immigratsiya to‘g‘risidagi qonunning 8-moddasi ikkinchi qismiga tayandi. U hukumatga ichki xavfsizlik va jamoat tartibiga ta’sirini hisobga olgan holda, muayyan uchinchi davlat fuqarolaridan viza olish uchun arizalarni qabul qilish va Latviyaga kirishni ma’lum muddatga cheklash imkonini beradi.
Ichki ishlar vaziri Yanis Dombrova “qisqa vaqt ichida Latviyaga kelgan bir necha O‘zbekiston fuqarosi, jumladan, voyaga yetmaganlarga qarshi jinoyatlar sodir etganini” bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat bu vaziyatda “chora ko‘rishi shart”.
“Shuning uchun biz O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni ma’lum muddatga to‘xtatib turishni va bu vaqtdan jamoat tartibi va xavfsizligiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan shaxslarning Latviyaga kirishini oldini olish uchun O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlik qilish uchun foydalanishni taklif qilamiz”, — dedi Ichki ishlar vaziri (Delfi iqtibosi).
Biroq 29-sentabr kuni koalitsiyadagi hamkorlar bu masalani Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishi kun tartibiga kiritishni qo‘llab-quvvatlamadi.
Qayd etilishicha, Latviya IIV viza berishni vaqtincha cheklash haqidagi taklif keyingi hukumat yig‘ilishida ko‘rib chiqilishiga umid qilmoqda.
Spot bu masala yuzasidan Latviya tomoni bilan muzokaralar olib borilayotgan yoki yo‘qligini aniqlash uchun O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga so‘rov yubordi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston vizasiz sayohatlar qulayligi bo‘yicha 132-o‘rinni egallagani haqida yozgandi.