O‘zbekiston pasporti 2026-yilda kirish imkoniyati darajasi bo‘yicha 199 davlat orasida 132-o‘rinni egalladi, deb xabar beradi Passport Reports portali (hisobot nusxasi Spot’da mavjud).

O‘zbekiston fuqarolari dunyoning 28 ta davlatiga vizasiz kirishi, yana 38 ta davlatga esa kelganda viza olish yoki boshqa soddalashtirilgan tartib orqali borishi mumkin. Uchta davlat — Keniya, Kot-d'Ivuar va Seyshel orollari — elektron sayohat ruxsatnomasi (ETA) orqali kirishga ruxsat beradi.

O‘zbekiston pasportining umumiy mobillik ko‘rsatkichi 69 ballni tashkil etadi. Qolgan 129 ta davlatga borish uchun vizani oldindan rasmiylashtirish talab etiladi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida eng yuqori mintaqaviy ko‘rsatkich qayd etilgan. Mintaqadagi to‘rtta davlatdan uchtasi — Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston — o‘zbekistonliklar uchun vizasiz rejimga ega. Turkmanistonga esa viza talab etiladi.

Osiyoda umumiy kirish imkoniyati 59,2% ga baholangan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston 50 ta davlat orasida 29-o‘rinda. Fors ko‘rfazi mamlakatlarining uchdan ikki qismi va Yaqin Sharqdagi yo‘nalishlarning yarmidan ko‘pi vizasiz ochiq.

Boshqa mintaqalar orasida soddalashtirilgan kirish imkoniyatiga ega davlatlarning eng katta ulushi Karib havzasiga to‘g‘ri keladi — 50%. Afrikada bu ko‘rsatkich 42,6%, Shimoliy Amerikada — 30,4%, Okeaniyada — 28,6%, Janubiy Amerikada esa 16,7% ni tashkil etadi.

Eng past ko‘rsatkich Yevropada qayd etilgan — 10,6%. 47 ta yo‘nalishdan faqat beshtasiga o‘zbekistonliklar vizasiz kirishi mumkin.

Kirish uchun ochiqlik ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston reytingda 52-o‘rinni egallagan. AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, Germaniya, Yaponiya va yana 91 ta davlat fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz yoki e-Visa orqali kirishi mumkin. O‘zbekiston pasporti egalari esa ushbu davlatlarga borish uchun vizani oldindan rasmiylashtirishi kerak.

Shu bilan birga, 25 ta davlat o‘zbekistonliklarga vizasiz rejim taqdim etadi, ularning fuqarolari esa O‘zbekistonga faqat viza orqali kirishi mumkin. Ular qatorida Eron, Keniya, Uganda va Zimbabve bor.

Passport Reports hisobotida uni tayyorlash vaqtida Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun 60 kungacha vizasiz rejim amal qiladigan davlatlar ro‘yxatiga kiritilgan edi. Biroq 15-sentabrdan yangi qoidalar kuchga kirdi — endilikda o‘zbekistonliklar vizani oldindan rasmiylashtirishi va konsullik yig‘imini Tailandning Moskvadagi elchixonasida shaxsan, tanishlari yoki vositachilar orqali to‘lashi kerak.


Avvalroq Spot O‘zbekiston Hindiston fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy qilgani haqida yozgandi.