Prezident farmoni bilan xalqaro tan olingan vizalarga ega Hindiston fuqarolarining O‘zbekistonga kirish tartibi soddalashtirildi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, 1-sentabrdan ayrim davlatlarning amaldagi ko‘p martalik biznes yoki turizm vizasiga ega Hindiston fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etildi.

Bular Avstraliya, AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Janubiy Koreya, Shengen kelishuvi ishtirokchilari, Yangi Zelandiya va Yaponiyani o‘z ichiga oladi.

Buning uchun ular o‘z mamlakati yoki uchinchi davlatga uchish aviachiptasini taqdim etishi kerak.

Vizasiz rejim tegishli xorijiy vizaning amal qilish muddati davomida O‘zbekistonga kirgan kundan boshlab 30 kungacha amal qiladi.

Avgust oyi oxirida Hindiston bosh vaziri Narendra Modining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida o‘tkazilgan muzokaralarda 30 kunlik vizasiz tartib joriy etilishi taʼkidlangandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston va Hindiston preferensial savdo bo‘yicha bitim tayyorlayotgani haqida yozgandi.