Avvalroq Spot 30-avgust kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi muzokara o‘tkazgani haqida yozgan edi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Shohruh G‘ulomov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida tomonlar har bir yo‘nalish bo‘yicha alohida dasturlar ishlab chiqib, ularni yagona qo‘shma “yo‘l xaritasi"ga birlashtirish bo‘yicha kelishib olgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy vazifalardan biri O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi savdo aylanmasini yaqin 4−5 yil ichida $5 mlrdga yetkazishdan iborat. O‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi $1,3 mlrdni tashkil etdi. 2026-yilning dastlabki yetti oyida esa bu ko‘rsatkich $700 mlnga yaqinlashdi.
Savdo hajmini oshirish uchun O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida o‘zaro preferensial savdoni rag‘batlantirish to‘g‘risidagi bitimni imzolash rejalashtirilmoqda.
“Ushbu bitim loyihasi hozirgi kunda ishlab chiqilgan bo‘lib, biz marketing tadqiqotini boshladik va ikki-uch oyda uni tugatib, davlatimiz rahbariga takliflarni kiritamiz”, — dedi G‘ulomov.
Investitsiya yo‘nalishida esa O‘zbekistonda Hindiston ishtirokidagi 400 dan ortiq korxona faoliyat yuritayotgani qayd etildi. Muzokaralarda har bir yo‘nalish bo‘yicha loyihaviy takliflar ko‘rib chiqilgan.
Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, tashrif davomida asosiy e’tibor texnologik hamkorlikka qaratilgan. Tomonlar loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha kelishib oldi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda Hindiston ishtirokida $3,4 mlrdlik 5 ta energetika loyihasi amalga oshirilishi haqida yozgan edi.