Avvalroq Spot 30-avgust kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi muzokara o‘tkazgani haqida yozgan edi.
Energetika vaziri Sherzod Xodjayev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida O‘zbekistonda Hindiston kompaniyalari ishtirokida $3,4 mlrdlik beshta energetika loyihasini amalga oshirish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Vazir Hindiston kompaniyalari dunyoda energetika sohasida loyihalashtirish va qurilish bo‘yicha yetakchi o‘rinlarda turishini ta’kidladi. Kompaniyalarning O‘zbekiston hududida pudratchi sifatida shakllantirilgan loyihalar portfeli $2 mlrddan ortiqni tashkil etsa, endilikda ularni investor sifatida ham jalb qilish ko‘zda tutilgan.
“Qiymati $3,4 mlrdlik beshta istiqbolli loyiha mavjud. Ular energetika sohasining barcha sektorlarini qamrab oladi. Biz yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari, gidro hamda issiqlik elektr stansiyalarini qurish loyihalarini taklif etganmiz. Hozirgi kunda o‘rganishlar o‘tkazilyapti”, — dedi u.
Xususan, Qoraqalpog‘iston respublikasi va Toshkent viloyatida gidroto‘plash elektr stansiyalari, Surxondaryoda IES, shuningdek, Qamchiq dovoni orqali Toshkent va Namangan viloyatlarini bog‘lovchi hamda Navoiydan Toshkent viloyatiga o‘tuvchi yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarini qurish ko‘zda tutilgan.
Sherzod Xodjayevning aytishicha, loyihalarda mahalliy kontentga ham e’tibor qaratiladi: ishchi kuchi O‘zbekistondan bo‘lishi, loyihalash ishlarida kamida 50% mahalliy kompaniyalar qatnashishi va foydalaniladigan mahsulotlarning 70%i mahalliy bo‘lishi belgilangan.
“Albatta, ularda mavjud nou-hau, bunday mega loyihalarni boshqarish bo‘yicha tajribali jamoa bizda hali to‘liq shakllanmagan, shuning uchun ham ular tomonidan ko‘proq yordam mana shu yo‘nalishlarda bo‘ladi”, — deya xulosa qildi vazir.
Spot, avvalroq, Chorvoqda 20 MVt quvvatga ega yangi shamol elektr stansiyasi ishga tushirilgani haqida yozgandi.