O‘zbekiston va Tojikiston chegaradan ID-karta orqali o‘tish tartibini joriy etishni tezlashtiradi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Aziza Qurbonova o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.

19-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev C5+1 formatidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddinni qabul qildi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston — Tojikiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirishning asosiy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Hamkorlik barcha yo‘nalishlarda faol rivojlanayotgani, o‘zaro savdo va yuk tashish hajmi ortayotgani qayd etildi. Energetika, sanoat, qishloq va suv xo‘jaligi sohalaridagi kooperatsiya loyihalari faollashdi. Shuningdek, madaniy-gumanitar, ta’lim va turizm sohalaridagi almashinuvni faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonga samimiy salomlarini yetkazishni so‘rab, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar prezidentligining ilk kunlaridanoq alohida ahamiyatga ega bo‘lganini ta’kidladi.

Davlat rahbari avval ikki mamlakat o‘rtasidagi chegaralar yopiq bo‘lgani, hozirgi kabi savdo aylanmasi va yaqin munosabatlar bo‘lmaganini eslab o‘tdi.

“Men bundan ich-ichimdan juda tashvishlanardim. O‘zbekiston va Tojikistonda bir-biri bilan qarindoshlik rishtalari orqali bog‘lanmagan oilaning o‘zi deyarli yo‘q. ID-kartalar orqali chegaradan o‘tish tizimini joriy etishni ham tezlashtirishimiz kerak. Chunki yuk tashish hajmi ortib bormoqda va bu masalani hal qilishga real ehtiyoj mavjud”, — dedi prezident.

O‘z navbatida, Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin davlat rahbari Emomali Rahmon O‘zbekiston bilan munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish Tojikiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini bir necha bor ta’kidlaganini bildirdi.

2024-yilning avgust oyida Shavkat Mirziyoyev Ostonada o‘tkazilgan sammitda Markaziy Osiyoda ID-kartalarni o‘zaro tan olishni taklif qildi. Noyabr oyiga kelib, davlat rahbari Qozog‘iston va Tojikistonga ham ID-karta orqali o‘tish imkoniyati yaratilishini ma’lum qildi. Mazkur mamlakatlar bilan bu tizimni joriy etish rejalashtirilgan.

2025-yil boshida O‘zbekiston va Ozarbayjon ID-kartalarni o‘zaro tan olish masalasini ko‘rib chiqayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu fuqarolar harakatini soddalashtirish, o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash va migratsiya siyosati sohasidagi hamkorlikni kengaytirishi qayd etildi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston lokomotivlarni AQSH moliya institutlari ishtirokida xarid qilishi mumkinligi haqida yozgan edi.