2026-yilning ikkinchi choragida O‘zbekistonda biznes subyektlari tomonidan e‘lon qilingan bo‘sh ish o‘rinlari soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,8% ga qisqardi. Bu haqda Markaziy bankning mehnat bozori sharhida ma‘lum qilindi.

Qisqarishga asosan chakana savdo (3,8 foiz band), ishlab chiqarish (1,6 foiz band) va boshqa yo‘nalishlar (2,4 foiz band) hissa qo‘shgan.

Muqobil manbalar vakansiyalar sonining o‘sish sur‘ati pasayganini, biroq mehnat bozorida ijobiy tendensiya saqlanayotganini ko‘rsatmoqda.

Ikkinchi chorakda onlayn ish qidirish faolligi mavsumiy o‘sish tendensiyasiga o‘tgan. Ayrim manbalarda rezyumelar sonining o‘sish sur‘ati avvalgi davrlarga nisbatan pasaygan bo‘lsa-da, yuqori darajada saqlanib qolgan.

Rezyumelar sonining o‘sishi vakansiyalar sonining o‘sishidan sezilarli darajada yuqori shakllangan. Bu ishchi kuchi taklifi va unga bo‘lgan talab o‘rtasidagi tafovut kengayib, mehnat bozorida raqobat oshayotganidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, 2026-yilning birinchi choragida iqtisodiyotda bandlar soni yillik hisobda 5,2% ga oshib, so‘nggi to‘rt yildagi eng yuqori o‘sishni qayd etdi. O‘sish asosan sanoat va xizmatlar sohalari hissasiga to‘g‘ri keldi.

Markaziy bank so‘roviga ko‘ra, ish o‘rinlari sonini oshirishni kutayotgan biznes subyektlari ulushi mart oyidagi 40% dan iyunda 34% gacha kamaygan. Aksincha, ish o‘rinlarini qisqartirishni kutayotgan tadbirkorlar ulushi birinchi chorakdagi o‘rtacha 6,6% dan ikkinchi chorakda 9,2% gacha oshgan.

Sohalar kesimida sanoat va qurilishda ish o‘rinlari sonining o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qisqarishi, xizmatlar va savdo sohalarida esa oshishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, 1-iyun holatiga iqtisodiyotda faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar soni 471 mingtani tashkil etib, yil boshiga nisbatan 7,2% ga oshgan.

Markaziy bank qayd etishicha, vakansiyalar sonidagi joriy o‘zgarishlar keyingi choraklarda bandlik ko‘rsatkichlarida aks etishi mumkin.

Spot avvalroq IT Park Uzbekistan ish izlovchilardan rezyumelarni qabul qilish uchun Talent Park botini ishga tushirgani haqida yozgandi.