Savdo nuqtalarida 70 dan ortiq sifatsiz mahsulotlar sotilayotgani aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mita hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chakana savdo nuqtalarida sotilayotgan xalq iste’moli tovarlarining sifati va xavfsizligini tekshirish maqsadida nazorat xaridlari o‘tkazib kelmoqda. Xarid qilingan mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, ularning davlat standartlari va normativ-texnik hujjatlar talablariga muvofiqligi baholanadi.
2026-yilning o‘tgan sakkiz oyida 60 turdagi 558 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazildi. Natijada 73 nomdagi mahsulot normativ-texnik talablariga javob bermasligi aniqlandi.
Talablarga javob bermagan mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish uchun tegishli materiallar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborildi.
Raqobat qo‘mitasi iste’molchilar salomatligi va huquqlarini himoya qilish maqsadida nazorat xaridlari davom ettirilishini ma’lum qildi.
Avvalroq Spot Raqobat qo‘mitasi taksi xizmatlarida narxlar asossiz oshirilishini o‘rganayotgani haqida yozgan edi.