Toshkent shahar hokimligi poytaxtda dizayn-kodni joriy etish bo‘yicha aholi va tadbirkorlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazmoqda. Bildirilgan fikr va takliflar keyingi ishlarni amalga oshirishda inobatga olinadi.
Hokimlikka ko‘ra, dizayn-kod peshlavha va reklama konstruksiyalarini tartibga solib, poytaxt ko‘chalarida yagona va uyg‘un qiyofa yaratishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, uni joriy etish jarayoni aholi va tadbirkorlar uchun ham qulay bo‘lishi kerak.
Shundan kelib chiqib, fuqarolar dizayn-kod bo‘yicha savol va takliflarini Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining @poytaxtuz_bot Telegram-boti orqali yuborishlari mumkin. Murojaatlar ish kunlari soat 09:00 dan 18:00 gacha qabul qilinadi.
Joriy yil 28-yanvar kuni xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdagi sessiyasida poytaxt dizayn-kodi qoidalarini amaliyotga joriy etish masalasi ko‘rib chiqildi. 17-fevral kuni mahalliy Kengash Toshkent Invest Kompaniyasi buyurtmasiga binoan CM International tomonidan ishlab chiqilgan dizayn-kodni joriy etish to‘g‘risidagi taklifini ma‘qulladi. Kengash qarori rasman e‘lon qilingan kundan boshlab uch oydan so‘ng — may oyi o‘rtalaridan kuchga kirdi.
Aprel oyi oxirida biznes-ombudsman Toshkentning dizayn-kodini qonunga zidligi sababli qayta ko‘rib chiqishni, bahsli normalarni o‘zgartirishni va hujjatning kuchga kirish muddatini kechiktirishni tavsiya qilgan edi. Shuningdek, hujjatni biznes manfaatlarini hisobga olgan holda takomillashtirish taklif etilmoqda.
13-oktabr kuni qabul qilingan hukumat qarori bilan Toshkent shahrining dizayn-kodi bo‘yicha 10-dekabrgacha tadbirkorlar va OAV ishtirokida muhokama o‘tkazilishi belgilangan edi.
Avvalroq Spot poytaxt hokimligi Brasserie Park terassasini demontaj qilgani haqida yozgan edi.