Vazirlar Mahkamasi tashqi reklamani joylashtirishga oid qator talablarni soddalashtirdi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Tegishli o‘zgarishlar hukumatning 13-oktabrdagi 563-sonli qarori bilan belgilandi. Hujjatda Raqobat qo‘mitasining tashqi reklama obyektlarini joylashtirish tartibini tadbirkorlar foydasiga qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflari inobatga olingan.
Xususan, tadbirkor o‘zi egallab turgan bino yoki inshootning tashqi qismiga joylashtirgan korxona nomi, faoliyat turi, firma nomi hamda tovar yoki xizmat ko‘rsatish belgisi haqidagi peshlavhalar reklama hisoblanmaydi. Ular uchun reklama joyining pasportini rasmiylashtirish talab etilmaydi.
Shuningdek, yuridik shaxslarning o‘z transport vositalariga tovar belgisi, faoliyat turi, mahsulotlari va xizmatlari haqidagi reklama ma‘lumotlarini joylashtirish tartibi soddalashtirildi.
Buning uchun Yagona portal orqali elektron xabarnoma yuborish kifoya. Xabarnoma qabul qilingach, tegishli vakolatli organlar xabardor qilingan hisoblanadi va reklama joyining pasporti avtomatik shakllantiriladi. Pasportni rasmiylashtirish uchun yig‘im undirilmaydi.
Agar xabarnomada noto‘g‘ri ma‘lumotlar yoki boshqa shaxslarga tegishli tovar belgilari aniqlansa, shakllantirilgan pasport avtomatik ravishda bekor qilinadi. Bu haqda yuridik shaxsga asoslantirilgan xat yuboriladi.
Bundan tashqari, reklama joyining pasportidan ixtiyoriy voz kechish uchun Yagona portal orqali ariza yuborish imkoniyati yaratildi. Tegishli ma‘lumotlar soliq organlariga avtomatik yetkaziladi.
Qaror bilan vaqtinchalik reklama obyektlarini joylashtirish muddatlari ham aniq belgilandi. Qurilish maydonlarida reklama obyektlarini qurilish yakunlanguncha, bayram va tadbirlar munosabati bilan esa 30 kungacha joylashtirish mumkin.
Shaharlarning dizayn-kodlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish faqat regulation.gov.uz portalida jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilgach amalga oshiriladi. O‘zgarishlar rasmiy e‘lon qilinganidan uch oy o‘tib kuchga kiradi.
Dizayn-kodlarda ro‘yxatdan o‘tgan tovar belgilaridan peshlavhalarda foydalanish imkoniyati saqlanishi shart. Toshkent shahrining dizayn-kodi 10-dekabrgacha tadbirkorlar va OAV ishtirokida muhokama qilinadi.
Qaror reklama obyektlari va peshlavhalarni majburiy demontaj qilish tartibini ham qamrab oladi. Hokimlik demontaj sanasi va vaqtini kamida ikki kun oldin rasmiy veb-saytida e‘lon qilishi hamda obyekt egasiga yozma xabarnoma yuborishi kerak.
Demontaj ishlari faqat ish kunlari soat 09:00 dan 18:00 gacha amalga oshiriladi. Jarayonda obyekt egasi ishtirokida sana, vaqt, sabab, fotosuratlar va konstruksiya saqlanadigan manzil ko‘rsatilgan dalolatnoma tuziladi.
Shuningdek, tadbirkorga tegishli qarorlar va xabarnomalar uning yuridik manziliga yozma ravishda yuboriladi. Tashqi reklama obyektlarining joylashtirilishi ustidan jamoatchilik nazorati esa “Xalq nazorati” elektron portali orqali yo‘lga qo‘yiladi.
Spot avvalroq O‘zbekistonda peshlavhalar uchun uch karra elektr energiyasi tarifi bekor qilinishi haqida yozgandi.