Biznes-ombudsman Toshkent shahar Kengashining dizayn-kod bo‘yicha qabul qilgan qarorini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan rasmiy xulosa kiritdi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Biznes-ombudsman devoni tomonidan mazkur hujjatning tadbirkorlik faoliyatiga ta‘siri o‘rganilgan.

Qonunchilikka ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatiga ta‘sir etuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Biznes-ombudsman bilan majburiy tartibda kelishilishi kerak. Biroq ushbu qaror vakil bilan kelishilmasdan qabul qilingani bildirildi.

Shuningdek, hujjatda reklama vositalari uchun belgilangan “past to‘yingan” yoki “neytral” rang kabi tushunchalarning aniq huquqiy mezonlari ko‘rsatilmagani qayd etildi.

Biznes-ombudsman fikricha, ranglarni bir xillashtirish talabi tadbirkorlarning intellektual mulk huquqlariga, jumladan ro‘yxatdan o‘tgan brend belgilariga zarar yetkazishi mumkin.

Bundan tashqari, bir nechta obyektlarga ega bo‘lgan tarmoq brendlarining manfaatlari yetarlicha inobatga olinmagani ta‘kidlangan.

Tashkilotga ko‘ra, yangi talablarga moslashish uchun belgilangan uch oylik muddat ham yetarli emas. Qarorda tadbirkorlarga ortiqcha yuklama tushirmagan holda bosqichma-bosqich o‘tish mexanizmi nazarda tutilmagan.

Shu munosabat bilan Biznes-ombudsman Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga qarorning tadbirkorlik faoliyatiga daxldor qismlarini qayta ko‘rib chiqish, ayrim normalarga o‘zgartirish kiritish hamda kuchga kirish muddatini uzaytirish bo‘yicha rasmiy xulosa yuborgan.

Shuningdek, hujjatni tashkilot vakillari ishtirokida qayta ishlab chiqish taklif etilgan.

Toshkent dizayn-kodi

28-yanvar kuni xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdagi sessiyasida poytaxt dizayn-kodi qoidalarini amaliyotga joriy etish masalasi ko‘rib chiqildi. 17-fevral kuni mahalliy Kengash Toshkent shahar hokimligining Toshkent Invest Kompaniyasi buyurtmasiga binoan CM International tomonidan ishlab chiqilgan dizayn-kodni joriy etish to‘g‘risidagi taklifini ma‘qulladi.

Qaror ilovalarida quyidagilar tasdiqlangan:

  • jamoat joylarining turlari va chegaralari, shuningdek, ularni rejalashtirish bo‘yicha tavsiyalar;
  • Toshkent shahar dizayni elementlarini joylashtirish qoidalari, tijorat obyektlarini rasmiylashtirish tartibi, shaharning vizual o‘ziga xosligini shakllantirish, tutash hududlardan foydalanish, konstruksiyalar va axborot vositalarini (reklama, peshlavhalar, yozuvlar) joylashtirish, shuningdek, shahar dizayni elementlari kataloglari;
  • Toshkent shahrining sayyohlik va gastronomik ko‘chalari ro‘yxati;
  • jamoat joylarida obodonlashtirish va sanitariya tozalov ishlarini o‘tkazish uchun ekspluatatsiya yig‘imi miqdori;
  • Tutash hududlardan samarali foydalanish va dizayn-kod loyihalarini ko‘rib chiqish masalalari bo‘yicha Toshkent shahar komissiyasining tarkibi.

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining qarori rasman e‘lon qilingan kundan boshlab uch oydan so‘ng — may oyi o‘rtalaridan kuchga kiradi. Hujjat bilan havola orqali batafsil tanishish mumkin.

Spot, avvalroq, umumiy ovqatlanish sohasi vakillari Toshkentning dizayn-kodini va peshlavhalarning elektr o‘chirish tahdidi bilan ommaviy demontaj qilinayotganini tanqid qilgani haqida yozgandi.