Toshkentda hokimiyat xodimlari tadbirkorlarni peshlavhalarni o‘zlari demontaj qilishga majburlayotgani, aks holda elektr ta’minotini uzib qo‘yish bilan tahdid qilayotgani aytildi. Bu haqda 23-aprel kuni tashqi reklama va poytaxt dizayn-kodi masalalari bo‘yicha ochiq muloqotda so‘z bordi.
Uzum Market’ning davlat organlari bilan ishlash bo‘yicha vakili (GR) Azizbekning ta’kidlashicha, joylardagi holat ochiq muloqotlarda bildirilayotgan bayonotlarga mos kelmaydi.
“Amaliyotda qanday bo‘ladi?, bu yerda “xo‘p-xo‘p” deb ketamiz, lekin, masalan, Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasi bo‘yicha tuman hokimligidan chiqib, “Mana bu tadbirkor keladi, fasadni butunlay o‘zgartiradi, to‘lov qilasan, yo‘qsa “svet"ni o‘chiramiz” degan to‘g‘ridan to‘g‘ri [aytilgan] gaplar ham bo‘ldi. Endi ularning ism-familiyasini aytmaymiz”, — dedi u va shahar hokimiyati bilan konstruktiv muloqotga chaqirdi.

Poytaxtning Nukus ko‘chasida joylashgan Dym & Dream restorani direktori Mariya 22-aprel kuni muassasaga “hokimiyatdan kelgan shaxs” tashrif buyurganini bildirdi.
U peshlavha maydoni 1 kv.metrdan oshgani uchun uni reklama deb baholab, olib tashlashni talab qilgan, aks holda elektr energiyasi o‘chirilishi bilan tahdid qilgan. Uning aytishicha, o‘sha kuni restoran menejeri unga qo‘ng‘iroq qilib vaziyat haqida xabar bergan, biroq Mariya yaqinda operatsiya bo‘lgani sababli bora olmagan.
“Biz “svet"ni o‘chirib qo‘ymasliklari uchun peshlavhani olib tashlashga majbur bo‘ldik. […] [Hokimiyatdan] kelgan odam o‘zini tanishtirmadi, hech qanday hujjat ko‘rsatmadi. Menejer savol berganida, 10 daqiqa ichida hech kim kelmasa ketishini aytgan. Telefon raqamini ham qoldirmagan, faqat “svet"ni o‘chirish bilan tahdid qilgan. Biz ijaraga olgan bino egasiga esa Mirobod TETKdan qo‘ng‘iroq qilib, peshlavhani olib tashlamasa, elektr o‘chirilishini aytishgan”, — dedi u.
Mariya ta’kidlashicha, Dym & Dream restorani alohida joylashgan ikki qavatli binoda faoliyat yuritadi, peshlavha maydoni esa 3,6 kv.metrni tashkil etadi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, 1 kv.metrdan katta peshlavha uchun reklama joyi pasporti talab etiladi. Shu bilan birga, u peshlavha reklama emas, balki restoran brendining bir qismi ekanini ta’kidladi.

Toshkent Invest kompaniyasining developer loyihalarni shakllantirish va kuzatish bo‘limi boshlig‘i, poytaxt dizayn-kodini ishlab chiqishga rahbarlik qilgan Rushana Xasanova elektr energiyasini o‘chirish bilan bog‘liq tahdidlarni “noto‘g‘ri” deb atab, bunday yondashuvga qarshi chiqdi.
Avvalroq Spot joriy yilda Toshkentda 18 ta yangi gastronomik ko‘cha ochilishi haqida yozgan edi.