23-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumanidagi O‘zbekiston ovozi ko‘chasida tashkil etilgan gastronomik turizm ko‘chasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur loyiha davlat rahbarining 2022-yil 30-apreldagi tegishli qarori asosida amalga oshirilgan. 2025-yil sentabr oyida ishga tushirilgan ko‘cha loyihasi Rossiyaning City Makers va Lyudi Arxitekts byurolari tomonidan ishlab chiqilgan.

Ko‘chaning umumiy uzunligi 2,1 kilometrni tashkil etadi. Loyiha doirasida yangi infratuzilma, jumladan, keng piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etilib, aholi va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratilgan.

Hududda selfi-zonalar, ochiq havodagi sport maydonchalari, biohojatxonalar tashkil etilgan. Shuningdek, oilaviy dam olish maskanlari, bolalar uchun ekomaydonchalar va arqonli bog‘ faoliyat ko‘rsatmoqda.

Loyihaning umumiy qiymati 40 mlrd so‘mni tashkil etadi. Ko‘chada jami 165 ta savdo obyekti faoliyat yuritmoqda. 89 ta tadbirkor uzluksiz ishlamoqda, 2 221 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Prezidentga shu yerning o‘zida Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi turizm va gastronomik ko‘chalarda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berildi.

2025-yilda poytaxtda jami 26 ta ko‘cha tun-u kun faoliyat yuritishga o‘tdi. Bu yo‘nalishga 540 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Natijada 1 103 ta yangi savdo va servis obyekti tashkil etilib, 315 ta tadbirkor 24/7 rejimida ishlashni boshladi, 26 ta xorijiy brend faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Amalga oshirilgan ishlar iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatgani ta’kidlandi. Ko‘chalarda turli xizmatlardan foydalanuvchilar sutkasiga 80 mingdan 200 mingga yetgan, 6 ming nafar aholi bandligi ta’minlangan.

Joriy yilda yana 18 ta yangi turizm ko‘chasini tashkil etish, 500 ta yangi obyektni ishga tushirish va 7 ming nafargacha yangi ish o‘rni yaratish rejalari haqida ma’lumot berildi.

Prezident Mirzo Ulug‘bek tumanida gastronomik turizm ko‘chalari sonini yanada ko‘paytirish, mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish, xizmatlar sifatini oshirish va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berdi.

2025-yilning dekabr oyida o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident 2026-yilda poytaxtda yana 18 ta gastronomik ko‘cha tashkil etish vazifasini qo‘ygan edi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligini borib ko‘rgani haqida xabar berilgandi.