Shavkat Mirziyoyev 23-aprel kuni Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligiga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari dastlab hokimlik binosi yonidagi Salar kanali ustiga qurilgan ko‘prikni borib ko‘rdi, hududdagi ko‘kalamzorlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi va shu yerda ko‘chat ekdi.

Shundan so‘ng tuman hokimligi binosida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Prezident 1992−1996-yillarda Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritgan. Hokimlik binosida davlat rahbari hokim bo‘lib ishlagan davrdagi qiyofada qayta tiklangan xizmat kabineti va xizmat avtomobili ko‘rsatildi.

Prezident hokimligi paytida qabul qilgan eng muhim qarorlar ko‘rgazmaga qo‘yilgan. Tanishuv chog‘ida davlat rahbari o‘sha vaqtdagi faoliyatidan xotiralari bilan bo‘lishdi.

Mirzo Ulug‘bek tumanida jamoat xavfsizligi, transport, ijtimoiy yordam, kommunal, moliya va bank kabi 30 ta tashkilot o‘z yo‘nalishi bo‘yicha alohida-alohida, tarqoq holda ishlayotgan edi. Yagona tizim yo‘qligi aholi murojaatini tezkorlik bilan hal qilishga katta to‘siq bo‘layotgan, ortiqcha vaqt va sarsongarchilikka sabab bo‘lardi.

Hozir hokimlikda vaziyatlar markazi tashkil etilib, sunʼiy intellekt asosida tahlil qilish, muammolarni tezkor aniqlash va hal etish bo‘yicha Aqlli tuman platformasi yaratildi. Tumandagi barcha mahalla vakillari bilan onlayn muloqot qilish, vaziyatdan doimo xabardor bo‘lish imkoniyati yaratilgan.

Bu yerda ijtimoiy va kommunal muammolar monitoring qilinadi, aholi murojaatlari ijrosi nazoratga olinadi, favqulodda holatlarda tegishli xizmatlar faoliyati tezkor boshqariladi va muvofiqlashtiriladi.

Platforma tarkibidagi Xavfsiz tuman tizimi huquqbuzarliklarni monitoring qilish va jamoat xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi. Tadbirkorlik subyektlarining raqamli xaritasi sunʼiy intellekt tahlili asosida soliq tushumlarini prognoz qilish va ularning yig‘iluvchanligini taʼminlashga qaratilgan.

AI Davomat tizimi esa maktablarda sababsiz dars qoldirish holatlarini bartaraf etib, voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlikning oldini oladi.

Bunday platformalar Chilonzor, Shayxontohur va Olmazor tumanlarida ham ishga tushirildi.

Prezident vaziyatlar markazi faoliyati bilan tanishib, ushbu yangi tizimni poytaxtning qolgan tumanlarida ham joriy etishga topshiriq berdi.

Barcha viloyat hokimlari, prokurorlari, ichki ishlar, xavfsizlik va soliq idoralari rahbarlari Mirzo Ulug‘bek tumaniga kelib, ushbu yangi tizimni o‘rganishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.


Spot, avvalroq, Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo iqlim loyihalarining yagona investitsiya portfelini yaratishni taklif qilgani haqida yozgandi.