Raqobat qo‘mitasi taksi agregatorlarining xizmat narxlari va insofsiz raqobat alomatlari yuzasidan o‘rganish boshladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

So‘nggi kunlarda yirik taksi agregatorlarida kuzatilgan texnik nosozliklar fonida boshqa agregatorlarda ham tig‘iz vaqtlarda yo‘lkira narxlari bir necha baravargacha qimmatlashgani jamoatchilik e‘tirozlariga sabab bo‘lgan.

O‘rganish davomida narxlar oshishining asosliligi hamda agregatorlar tomonidan raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishiga alohida e‘tibor qaratilmoqda.

Qo‘mita taksi agregatorlarini narxlarni shakllantirish algoritmlarini qayta ko‘rib chiqish hamda xizmatlar narxining keskin va sun‘iy oshishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.

Shuningdek, haydovchilarning mablag‘larini o‘z hisoblariga o‘tkazishdagi nosozliklarni bartaraf etish, asossiz bloklangan haydovchilarni blokdan chiqarish hamda bajarilgan buyurtmalar uchun bonuslarni qayta hisoblab, to‘lab berish so‘raldi.

Agregatorlarga insofsiz raqobatga yo‘l qo‘ymaslik, haydovchilar va yo‘lovchilar uchun tun-u kun ishlaydigan texnik yordam markazlari faoliyatini ta‘minlash zarurligi ham bildirildi.

Qo‘mita raqobat qonunchiligi talablari buzilgani yoki iste‘molchilar huquqlari poymol etilgani aniqlansa, belgilangan tartibda tekshiruv o‘tkazilishi va tegishli choralar ko‘rilishini ma‘lum qildi.

Spot avvalroq Yandex Go’dagi uzilishidan so‘ng boshqa taksi xizmatlariga talab qanday o‘zgargani haqida yozgandi.