Joriy yilning 11-oktabr kuni Yandex Go xizmatlarida yuz bergan nosozlik O‘zbekiston bo‘ylab minglab foydalanuvchilarga ta’sir qildi. Haydovchilar Yandeks Pro‘ga kira olmadi, yo‘lovchilar esa taksi buyurtma qilish, narxlarni ko‘rish va, hatto, avtobuslar harakatini kuzatishda qiyinchiliklarga duch keldi.
Yandex Uzbekistan uzilishlarni taqsimlangan hisoblash infratuzilmasidagi muammolar bilan izohladi. Bunga Rossiyaning Vladimir shahridagi Yandex ma’lumotlar markazining dronlar hujumi oqibatida shikastlanib, favqulodda to‘xtab qolishi sabab bo‘lgan.
Undan keyin kompaniya rahbari Izzat Shukurov Yandex Go xizmatlarida yuz bergan nosozlik uchun uzr so‘radi. U kompaniya jamoalari kun davomida xizmatlarni tiklash va muammodan zarar ko‘rgan foydalanuvchilar hamda hamkorlarga yordam berish ustida ishlaganini bildirdi.
Shukurov to‘lovlar, pul o‘tkazmalari va qo‘llab-quvvatlash xizmatiga yuborilgan murojaatlar bilan bog‘liq muammolarni ham hal qilish rejalashtirilganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, foydalanuvchilar shunchaki va’dalarni emas, balki ishlaydigan xizmatlar va muammolarning tezkor yechimini kutmoqda.
Bundan tashqari, Yandex Uzbekistan vitse-prezidenti Sardor Qodirov Yandex xizmatlari turli mamlakatlardagi serverlar orqali ishlashini tushuntirdi. Bir hududdagi infratuzilmada nosozlik yuz berganda, yuklama boshqa qismlarga o‘tkaziladi, bu esa ayrim xizmatlarda vaqtinchalik xatoliklarga olib kelishi mumkin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi foydalanuvchilar ma’lumotlari qonun talablariga muvofiq himoyalangan. Hozir xizmatlar bosqichma-bosqich tiklanmoqda, biroq ayrim funksiyalarda xatoliklar saqlanib qolishi mumkin.
Kompaniya hozir to‘lovlar, pul o‘tkazmalari va yordam xizmatini barqarorlashtirishga e’tibor qaratmoqda. Hamkor taksoparklarga to‘lovlar odatdagi tartibda amalga oshirilgan, ammo ayrim operatsiyalarda kechikishlar bo‘lishi mumkin. Noto‘g‘ri yechib olingan pullar bo‘yicha murojaatlar ko‘rib chiqiladi.
Spot uzilishlar ortidan O‘zbekistonda boshqa taksi xizmatlariga talab qanday o‘zgarganini o‘rgandi. MyTaxi va Uklon vakillari buyurtmalar soni, haydovchilar faolligi, xizmatlar barqarorligi va kelgusi rejalari haqida tahririyat savollariga javob berdi.
Boshqa taksi xizmatlariga talab oshdi
Spot suhbatlashgan har ikkala taksi agregatori ham Toshkentda 11−13-oktabr kunlari taksi xizmatlariga talab sezilarli darajada oshganini qayd etdi.
Uklon’ning O‘zbekistondagi bosh direktori Eduard Kovtunning so‘zlariga ko‘ra, bu davrda platformada yaratilgan buyurtmalar soni taqqoslanadigan kunlardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 2−3 baravar yuqori bo‘lgan. Faol foydalanuvchilar soni ham sezilarli oshib, ayrim kunlarda ikki baravardan ko‘proqni tashkil etgan.
MyTaxi boshqaruvchi hamkori Aleksey Shitov ham talab o‘sishi davom etayotganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, hozirda faqat Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi taksi xizmatida buyurtmalar soni bo‘yicha o‘rtacha o‘sish 15 baravarni tashkil etmoqda. Yangi buyurtmalar bo‘yicha bu 20−25% bo‘lib, u yangi foydalanuvchilar hissasiga to‘g‘ri keladi. “Biz Toshkentdagi eng keksa taksi agregatorimiz, ko‘plab aholi ilovamizni allaqachon o‘rnatgan”, — dedi u.
Shitovning so‘zlariga ko‘ra, liniyadagi haydovchilar soni 3 baravarga oshgan, ularning taxminan 10% ini yangi haydovchilar tashkil qiladi. Asosan oldindan ishlab kelayotgan haydovchilar qayta faollashgan. Uklon’da esa platformaga qo‘shilgan yangi haydovchilar soni qariyb 10 baravar ko‘paygan.
Bundan tashqari, Uklon talab oshgan davrda ilovaga qiziqish ham kuchayganini qayd etdi: shu kunlarda u App Store’da o‘z mavqeini sezilarli darajada mustahkamlab, reytingda bir necha o‘n pog‘onaga yuqorilagan.
Xizmatlar barqaror ishlamoqda
Buyurtmalar soni keskin oshgan sharoitda kompaniyalar texnik infratuzilma va avtomobillarni mijozlarga yetkazib berish imkoniyatlariga e’tibor qaratmoqda.
Kovtunning so‘zlariga ko‘ra, Uklon real vaqt rejimida ishlaydigan, yuqori yuklamaga mo‘ljallangan platforma bo‘lib, tizim har soniyada yo‘lovchilar va haydovchilardan keladigan ko‘plab so‘rovlarni qayta ishlaydi. Uning ta’kidlashicha, talab oshganiga qaramay, xizmat barqaror ishlashda davom etgan.
“Shu sababli, platformaning qulayligi va ishonchliligi biz uchun vaziyatli vazifa emas, balki doimiy texnologik ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Bizning infratuzilmamiz shunday qurilganki, bitta komponent yoki uchinchi tomon xizmatining ishdan chiqishi butun tizimning kaskadli ishdan chiqishiga olib kelmaydi”, — dedi u.
Kompaniya AWS (Amazon Web Services) bulutli yechimlari bilan bir qatorda O‘zbekistondagi mahalliy serverlardan ham foydalanadi. Shuningdek, tashqi xizmatlar ishlamay qolgan holatlarda tizim faoliyatini tiklash rejasi mavjud bo‘lib, bunday ssenariylar muntazam ravishda sinovdan o‘tkaziladi.
Kovtunning aytishicha, Uklon platformasining uzluksiz ishlash darajasi bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkich 99,98% ni tashkil etadi, amalda esa kompaniya taxminan 99,99% ga erishmoqda.
MyTaxi boshqaruvchi hamkori esa kompaniyaning server infratuzilmasi yuqori yuklamalarga tayyorligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, avtomobilni mijozga yetkazib berish vaqti hozirda eng yuqori darajada bo‘lib, tuman va avtomobil sinfiga qarab o‘rtacha 2,5 daqiqani tashkil etmoqda.
Shitovning ta’kidlashicha, MyTaxi serverlarining barchasi O‘zbekistonda joylashgan. Kompaniya o‘z xaritalaridan foydalanadi va boshqa tashkilotlar infratuzilmasiga bog‘liq emasligini bildiradi. U ayrim foydalanuvchilar MyTaxi’ni Yandex tarkibidagi xizmat deb hisoblashini, biroq bu noto‘g‘ri ekanini qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tariflar bozordagi vaziyat va mavjud avtomobillar soniga qarab belgilanadi. Kompaniya narxlarni belgilashda raqobatchilar tariflarini ham hisobga oladi.
MyTaxi talabni saqlab qolish uchun yo‘lovchilarga promokodlar taklif qilishni, haydovchilarni esa platformaga yangi qo‘shilganlar uchun komissiya bo‘yicha maxsus shartlar orqali rag‘batlantirishni rejalashtirmoqda.
“Biz haydovchilarni munosib ish haqi bilan ta’minlashimiz kerak. Xaritalarimizni takomillashtirish ham rejalarimizda bor. Ilovamizni, yangilanishlarni kuzatib boring va milliy xizmatlarimizni qo‘llab-quvvatlang!”, — deya xulosa qildi Aleksey Shitov.

