11-oktabr kuni ertalab O‘zbekistonda Yandex Go xizmati faoliyatida uzilishlar kuzatildi: foydalanuvchilar taksi chaqira olmadi, narxlarni ko‘rish va avtobuslar harakatini tekshirish imkoni bo‘lmadi, deb xabar berdi Gazeta. Uzilishlar Rossiyaning Vladimir shahridagi Yandeks ma‘lumotlar markazi faoliyati to‘xtatilgandan so‘ng yuz berdi; uning infratuzilmasi dronlar hujumi oqibatida shikastlangan edi.
Detector404 monitoring xizmati ma‘lumotlariga ko‘ra, Yandex Go tizimidagi tarmoq nosozliklari soat 6:00 atrofida boshlangan va taxminan 7:00 ga borib 100% ga yetgan. Bu holat tushgacha saqlanib turdi. Foydalanuvchilarning shikoyatlari ertalab ko‘payib, soat 9:00 atrofida eng yuqori cho‘qqiga chiqdi, shundan so‘ng kamaya boshladi.
Foydalanuvchilar ilova uzoq yuklanayotgani, manzil kiritishdagi xatoliklar, mashinalar yo‘qligi hamda GPS va navigatsiyadagi nosozliklar haqida xabar berishdi. Muammolar haydovchilarga ham ta‘sir qildi: ayrimlari Yandeks Pro ilovasini ocha olmadi. Kuryerlar ham uzilishlar haqida ma‘lum qilishdi.
Yandex Uzbekistan matbuot xizmatining Gazeta‘ga ma‘lum qilishicha, ayrim xizmatlar xatoliklar bilan ishlashi yoki vaqtincha ishlamay qolishi mumkin. Kompaniya mutaxassislari ularning faoliyatini tiklash ustida ish olib bormoqda.
“Yandeks kabi murakkab texnologik xizmatlarning ishlashi uchun katta hisoblash quvvatlari talab qilinadi. Bunday xizmatlar taqsimlangan hisoblash infratuzilmasidan foydalanadi: vazifalarning turli qismlari turli mamlakatlardagi serverlarda bajariladi. Infratuzilma komponentlaridan birining bir mamlakatdagi uzilishi boshqasidagi ayrim funksiyalarning ishlashiga taʼsir qilishi mumkin”, — deya tushuntirdi kompaniya.
Komponentlardan birining ishi buzilganda, xizmatlarni tiklash va takroriy uzilishlar ehtimolini kamaytirish maqsadida yuklama boshqalariga o‘tkaziladi. Kompaniya yuzaga kelgan xatoliklarni aynan shu omil bilan bog‘ladi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda Yandeks.Xaritalar va Yandeks.Navigator odatdagi tartibda ishlamoqda, deya qayd etdi Gazeta.
Yandex Cloud Alerts xabariga ko‘ra, Vladimirdagi ma‘lumotlar markazi infratuzilmasi dronlar hujumi oqibatida shikastlangan, shundan so‘ng uning faoliyati butunlay to‘xtatilgan. Kompaniya platformaning ishlash rejimini favqulodda deb e‘lon qildi va texnik yordam xizmati bilan aloqa kanallari beqaror bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Bu bir necha kun ichida dron hujumlari oqibatida Yandeks ma‘lumotlar markazlariga zarar yetgan uchinchi holatdir. RBK xabariga ko‘ra, 8-oktabrga o‘tar kechasi dronlar hujumidan so‘ng Ryazan viloyatining Sasovo shahridagi ma‘lumotlar markazi faoliyati to‘xtagan, 9-oktabr kuni esa dronlar Kaluga viloyatidagi obyektga hujum qilgan. Ushbu hodisalardan so‘ng ham kompaniya xizmatlar faoliyatida ehtimoliy uzilishlar yuz berishi haqida ogohlantirgan edi.
Yandex Go bilan bog‘liq muammolar qo‘shni Qozog‘istonda ham kuzatildi, deb xabar beradi Tengrinews.kz. Avvalroq Ryazan viloyatidagi ma‘lumotlar markaziga qilingan hujumdan so‘ng, O‘zbekistonda Uzum Market faoliyatida uzilishlar yuz bergandi. Uning ishi oradan ikki kun o‘tib — 10-oktabr kuni ertalabgina to‘liq tiklandi.
Spot avvalroq Uzum Market ikki kunlik uzilishlardan so‘ng faoliyatini to‘liq tiklagani haqida yozgandi.
