8-oktabr kuni O‘zbekistonning eng yirik marketpleysi — Uzum Market ishida uzilishlar yuz berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda marketpleys ishlamayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Kompaniya matbuot xizmatining Spot’ga ma’lum qilishicha, payshanba kuni tizimlarni rejali yangilash jarayonida texnik nosozlik yuzaga kelgan. Shu sababli xizmatlarning bir qismi vaqtincha ishlamayapti.

“Hozir jamoamiz muammoni bartaraf etish ustida ishlamoqda va xizmatlar faoliyatini kun davomida tiklashni rejalashtirganmiz”, — deyiladi marketpleys xabarida.

Shu bilan birga, buyurtmalarni topshirish punktlarida saqlash muddatlari uzaytirildi, sotuvchilarning esa tovarlarni omborlarga jo‘natish uchun belgilangan vaqti boshqa muddatga ko‘chirildi. “Xaridorlar va sotuvchilardan uzr so‘raymiz. Ishlarning borishi haqida ma’lumot berib boramiz”, — deya xulosa qilingan izohda.

Detector404 xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Uzum Market marketpleysi tizimida texnik nosozliklar bo‘yicha birinchi shikoyatlar 8-oktabr kuni ertalab paydo bo‘lgan.

Bir sutka ichida nosozliklar bo‘yicha kamida 26 ta murojaat kelib tushgan. Muammolar mobil ilova va sayt faoliyatida kuzatilgan. Foydalanuvchilar shaxsiy kabinetiga kira olmayotgani, buyurtma rasmiylashtirish yoki uni qabul qilish, shuningdek, mahsulotlar ro‘yxatini ko‘rishda qiyinchiliklarga duch kelayotgani haqida xabar bergan.

Avvalroq Spot fond birjasida Uzum‘ning $50 mln lik valyuta obligatsiyalari savdosi boshlangani haqida yozgan edi.