Uzum ekotizimi ikki kunlik texnik nosozlikdan so‘ng Uzum Market marketpleysi faoliyati qayta tiklanganini ma‘lum qildi.
Servisning veb-sayti va mobil ilovasi, shuningdek, sotuvchining shaxsiy kabineti yana odatdagi rejimda ishlamoqda. Shuningdek, omborlarda buyurtmalarni yig‘ish va ularni tarqatish punktlarida xaridorlarga topshirish jarayonlari ham qayta yo‘lga qo‘yildi.
Buyurtmalarni topshirish punktlarida tovarlarni saqlash muddatlari uzaytirilmoqda. Kompaniya e‘lon qilingan barcha kompensatsiyalar o‘z kuchida qolishini ta‘kidladi.
Tizimdagi muammolar tufayli buyurtmalarini ololmagan xaridorlar bir hafta ichida keyingi xaridlari uchun promokodlar oladi. Sotuvchilar uchun oktabr oyi oxirigacha logistika va saqlash xizmati bepul taqdim etiladi, franshiza asosidagi tarqatish punktlari egalariga esa kompensatsiya to‘lanadi.
Kompaniya servisning “ayrim funksiyalari ishlashida” ehtimoliy xatoliklar yuz berishi mumkinligidan ogohlantirdi. Dasturchilar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf etish maqsadida yangilangan infratuzilmani sinovdan o‘tkazishda davom etmoqda.
Uzum Market‘dagi texnik nosozlik 8-oktabr kuni ertalab sodir bo‘ldi. Detector404 xabarlariga ko‘ra, foydalanuvchilar marketpleys sayti va ilovasidagi shaxsiy kabinetlariga kira olmagan, buyurtmalarni rasmiylashtirish yoki qabul qilish imkoni bo‘lmagan.
Uzum matbuot xizmati xabariga ko‘ra, nosozlikka “qizg‘in mavsum” va rejalashtirilgan “katta chegirmalar"ga tayyorgarlik doirasidagi texnik ishlar sabab bo‘lgan. Kompaniya sotuvchilar tomonidan tovarlarni omborlarga yetkazib berish vaqtlarini ko‘chirdi hamda tarqatish punktlarida buyurtmalarni saqlash muddatlarini uzaytirdi.
Spot avvalroq marketpleyslardagi sotuvchilar sifatsiz tovarlar bo‘yicha nizolarga javobgar bo‘lishi haqida yozgandi.