Yandex Uzbekistan rahbari Izzat Shukurov 11-oktabr kuni Yandex Go xizmatlarida yuz bergan jiddiy nosozlik yuzasidan izoh berdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Shukurov xizmatlar uzilishlar bilan ishlaganidan afsusdaligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya jamoalari kun davomida muammoni hal qilish va undan zarar ko‘rgan foydalanuvchilar hamda hamkorlarga yordam berish ustida ishlagan.

Kompaniya rahbarining aytishicha, u hamkorlar bilan ko‘plab muloqotlar o‘tkazgan. Ular ishga oid masalalarni muhokama qilish bilan birga, kompaniyani qo‘llab-quvvatlashlarini ham bildirgan.

Izzat Shukurov hozir ko‘proq rejalari, safarlari, buyurtmalari va ishlariga putur yetgan foydalanuvchilar hamda hamkorlar haqida qayg‘urayotganini ta’kidladi.

“Jamoalarimiz xizmatlarni tiklash va nosozlik oqibatlarini bartaraf etish ustida tun-u kun ishlamoqda. Shuningdek, qolgan barcha masalalarni, ayniqsa, to‘lovlar, pul o‘tkazmalari va qo‘llab-quvvatlash xizmatiga yuborilgan murojaatlar bilan bog‘liq muammolarni hal qilamiz”, — dedi Yandex Uzbekistan rahbari.

Shukurov foydalanuvchilar shunchaki so‘zlarga emas, balki ishlaydigan xizmatlar va muammolarning tezkor hal etilishini kutayotganini tushunishini bildirdi. U aholiga keltirilgan noqulayliklar va rejalar buzilgani uchun uzr so‘rab, qo‘llab-quvvatlayotganlarga minnatdorlik bildirdi.

Nima bo‘ldi?

11-oktabr kuni O‘zbekistonda Yandex Go xizmatlarida keng ko‘lamli nosozlik yuz berib, bu mamlakat bo‘ylab minglab foydalanuvchilarga ta’sir ko‘rsatdi. Ertalab haydovchilar Yandeks Pro ilovasini ochishda qiyinchiliklarga duch keldi. Yo‘lovchilar esa taksi buyurtma qila olmadi, amaldagi narxlarni ko‘ra olmadi yoki avtobuslar harakatini kuzata olmadi. Shikoyatlar soni ertalab soat 9:00 da eng yuqori darajaga yetdi, shundan keyin vaziyat asta-sekin barqarorlasha boshladi.

Yandex Uzbekistan matbuot xizmatining tushuntirishicha, uzilishlar taqsimlangan hisoblash infratuzilmasidan foydalanadigan murakkab texnologik xizmatlar arxitekturasi bilan bog‘liq. Tizimning bir mamlakatdagi komponentlari ishlamay qolganda, yuklama avtomatik ravishda qayta taqsimlanadi. Biroq bu boshqa hududlarda ayrim funksiyalarning vaqtincha ishlamay qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Nosozlikning texnik sababi Rossiyaning Vladimir shahridagi Yandex ma’lumotlar markazining favqulodda to‘xtab qolishi bo‘lgan. Xabarda aytilishicha, markaz infratuzilmasi dronlar hujumi oqibatida shikastlangan.

Mazkur hodisa so‘nggi kunlarda kompaniyaning ma’lumotlar markazlariga qaratilgan hujumlar turkumining bir qismi bo‘ldi. Avvalroq Ryazan va Kaluga viloyatlarida ham shunga o‘xshash hodisalar qayd etilgan edi. Shu sababli Yandex faoliyat yuritadigan boshqa mamlakatlarda, jumladan, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham xizmatlar faoliyatida uzilishlar kuzatilgan.

Spot avvalroq Uzum Market ikki kunlik uzilishlardan so‘ng faoliyatini to‘liq tiklagani haqida yozgandi.