Avvalroq Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zohidov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha joriy yil yakunlari hamda kelgusi yil rejalariga to‘xtaldi.

Uning aytishicha, yil boshidan kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha alohida dastur amalga oshirilmoqda. So‘nggi uch oyda prezident raisligida bir necha marta yig‘ilishlar o‘tkazilib, yangi tizim asosida ish olib borish bo‘yicha qarorlar qabul qilingan.

Yil yakunigacha kambag‘allik darajasini 3% dan pastga tushirish rejalashtirilgan. Buning uchun tuman va viloyatlarda shtablar tashkil etilgan, to‘rtinchi chorakning o‘zida ushbu yo‘nalishga 3 trln so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan.

“O‘ylaymanki, yil oxirida avvaldan reja qilingan, amalga oshirilayotgan ishlar mutlaq kambag‘allikka barham berish imkonini beradi”, — dedi Zohidov.

bandlik, botir zohidov, daromad, kambag‘allik

Vazirning ta’kidlashicha, tizim 2027-yilda favqulodda ishlash rejimiga o‘tib, asosiy e’tiborni aholi daromadlarini oshirishga qaratadi. Bundan tashqari, 2030-yilgacha o‘rta daromadli aholi ulushini 90% dan oshirish maqsad qilingan.

Zohidov bu borada mikro, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish muhimligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelgusi yilda ushbu biznes yaratadigan ish o‘rinlari, yuqori daromadli ish joylari ulushini oshirish va kichik biznesning o‘sishini ta’minlash bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar belgilanadi.

Uning bildirishicha, tegishli vazirlik va idoralarga ekspertlarni jalb qilgan holda bir hafta ichida samarali natijalar berishga qaratilgan qaror loyihasini ishlab chiqish va kiritish topshirilgan.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda 2030-yilgacha norasmiy bandlik ulushini 25% gacha qisqartirish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.