Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdimotda 2017-yildan buyon 11 mln kishi kambag‘allikdan chiqarilgani aytildi.

Xususan, mikro, kichik va o‘rta biznes iqtisodiyotda band aholining 75% ini qamrab olgan bo‘lsa-da, yalpi ichki mahsulotning 55% i shu sektor hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu korxonalarda mehnat unumdorligi va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish zarurligini ko‘rsatadi.

Yirikroq toifaga o‘tayotgan mikrokorxonalar ulushi atigi 4% ni tashkil etib, xalqaro mezonlardan qariyb 4 barobar past. Ajratilayotgan kreditlarning korxonalar o‘sishiga ta’siri ham yetarli emas. Axborot texnologiyalari, logistika, moliya va sug‘urta kabi yuqori daromadli sohalarda kichik biznesning ulushi 8% ni tashkil etadi.

Shu bois taqdimotda tadbirkorlikni rivojlantirish va sifatli bandlikni ta’minlashning yaxlit tizimini shakllantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Unga ko‘ra, tadbirkorlarga biznesni boshlashdan tortib, uni kengaytirish va tashqi bozorlarga chiqishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda kompleks xizmat ko‘rsatiladi. Korxonaning rivojlanish bosqichi va ehtiyojiga qarab kredit, kafolat, kafillik, lizing, faktoring, venchur moliyalashtirish va kapitalga investitsiya kiritish kabi vositalar kengaytiriladi. Shuningdek, tadbirkorlarni o‘qitish, ularga maslahat berish, investor jalb qilish va eksport bozorlariga chiqishda ko‘maklashish nazarda tutilgan.

Taqdimotda Markaziy bankning tijorat kreditlashini rag‘batlantirish, banklar va boshqa moliya tashkilotlari o‘rtasida raqobatni kuchaytirish bo‘yicha takliflari ham ko‘rib chiqildi.

Xususan, kreditga layoqatlilikni baholashning muqobil usullarini joriy etish, banklar va fintex kompaniyalari o‘rtasida xavfsiz ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlarga bitta ariza orqali bir nechta bankning kredit takliflarini olish imkoniyatini yaratish taklif qilinmoqda.

Moliyaviy nizolarni suddan tashqari hal etish va moliyaviy xatarlarni boshqarishning yangi mexanizmlari ham joriy etilishi mumkin.

Avvalroq Spot banklar kredit portfelida kichik biznes ulushi 45% dan 63% ga oshgani haqida yozgandi.