Avvalroq prezident Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.
Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar ko‘targan masalalar asosida yangi tashabbuslarni e’lon qildi. Birinchi yo‘nalish — tadbirkorlik uchun barqaror o‘sish trayektoriyasini ta’minlash.
Banklar kredit portfelida kichik biznes ulushi 45% dan 63% ga oshdi. Birinchi yarim yillikning o‘zida kichik va o‘rta biznesga 76,5 trln so‘m resurs ajratildi.
Yaqinda “kredit xizmatlari yagona raqamli portali” ishga tushdi. Tadbirkor bitta ariza beradi, banklar esa mijoz uchun raqobat qiladi, biznesni endi boshlayotganlar 5 mlrd so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi.
Endi biznesning har bir bosqichiga mos yaxlit ekotizim yaratiladi. Yangi tadbirkorlar uchun “Biznes start”, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganlar uchun “Biznes lift”, yangi o‘sish bosqichiga o‘tayotganlar uchun “Biznes yuksalish” dasturlari joriy etiladi.
“Biznes start” doirasida tadbirkorlar sun’iy intellekt yordamida loyiha, kredit hujjatlari va hisobot yuritishni o‘rganadi. Bu maqsadga 100 mlrd so‘m ajratilib, tayyor biznes-reja va 200 mln so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.
“Tadbirkorga kredit berish emas, uni birinchi qadamidan katta biznesga aylangunicha boshidan oxirigacha qo‘llab-quvvatlaydigan kompleks tizim yaratamiz”, — dedi davlat rahbari.
Avvalroq Spot tadbirkorlikni litsenziyasiz boshlash uchun 3 oylik maxsus rejim joriy etilishi haqida yozgan edi.