Tijorat banklarida kassa ishini tashkil etish hamda naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
9-oktabr kuni Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilgan hujjat bilan kassa qoidalari islomiy bank faoliyatiga oid qonunchilikka moslashtirildi.
Xususan, yo‘riqnomaga “hisoblangan foizlar” bilan bir qatorda “boshqa daromadlar” tushunchasi kiritildi. “Omonatlar va ularga hisoblangan foizlar” iborasi esa “mablag‘lar” tushunchasi bilan almashtirildi.
Shuningdek, tijorat banklari va ularning filiallari o‘rtasida naqd xorijiy valyuta hamda boshqa qimmatliklarni hududlararo tashish Markaziy bank farmoyishi asosida amalga oshiriladi.
Hudud ichidagi tashishlar esa inkassatsiya xizmatining tegishli bo‘linmalari farmoyishi asosida tashkil etiladi.
Markaziy bankning tegishli farmoyishlari “Elektron farmoyishlar” dasturida avtomatik shakllantirilib, jo‘natuvchi va qabul qiluvchi bank bo‘linmalariga elektron shaklda yuboriladi.
Inkassatsiya xizmatini belgilangan talablar asosida tashkil etgan tijorat banklariga o‘z bo‘linmalari o‘rtasida naqd pul va qimmatliklarni mustaqil tashish imkoniyati beriladi.
Hududlararo tashishlarda transport vositalarini kuzatib borish Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bilan tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Spot avvalroq murojaatlar bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega 10 ta bank nomi ma‘lum qilingani haqida yozgandi.