Markaziy bank 2026-yilning uchinchi choragida banklar faoliyati yuzasidan kelib tushgan murojaatlarni tahlil qildi. Bu haqda regulyator xabar berdi.
Iyul-sentyabr oylarida Markaziy bankka bevosita va boshqa davlat organlari orqali jami 12 307 ta murojaat kelib tushgan.
Mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Hayot Bankda qayd etildi — 5,71. Keyingi o‘rinlarni Biznesni rivojlantirish banki (3,17) va Mikrokreditbank (2,53) egalladi.
Shuningdek, TBC Bank (1,96), Anorbank (1,86), Turonbank (1,62), Asakabank (1,27), InFinBank (1,25), AVO bank (1,25) va Kapitalbank (1,24) eng yuqori ko‘rsatkichga ega o‘nta bank qatoridan joy oldi.
Markaziy bank qayd etishicha, mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushining yuqoriligi bank xizmatlari sifatini yaxshilash zarurligini ko‘rsatadi.
Xususan, banklar mijozlarga mahsulot va xizmatlar bo‘yicha yetarli tushuntirish berishi, murojaatlarga o‘z vaqtida va sifatli javob qaytarishi hamda takroriy murojaatlarga sabab bo‘layotgan tizimli kamchiliklarni bartaraf etishi zarur. Shuningdek, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati va ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirishga alohida e‘tibor qaratish lozim.
Shu munosabat bilan regulyator banklarga murojaatlar sabablarini chuqur tahlil qilish, ularni ko‘rib chiqish jarayonlarini takomillashtirish hamda mijozlar manfaatlarini himoya qilish choralarini kuchaytirishni tavsiya etdi.
Regulyatorning qayd etishicha, murojaatlar indeksi banklarning moliyaviy barqarorligi yoki ishonchliligini emas, balki mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushini aks ettiradi. Chorak davomida 100 tadan kam murojaat kelib tushgan banklar uchun indeks hisoblanmaydi.
Spot avvalroq Markaziy bank sentabr oyida 8 ta bankni jarimaga tortgani haqida yozgandi.