Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi sentabr oyida 8 ta bankka nisbatan jarima sanksiyalarini qo‘lladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘mita oy davomida 8 ta yig‘ilish o‘tkazib, jami 37 ta masalani ko‘rib chiqdi va tegishli qarorlar qabul qildi.

Xususan, ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 21 ta masala muhokama qilindi. Jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha 2 ta, mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish, akkreditatsiya va to‘lov tashkilotiga litsenziya berish bo‘yicha 7 ta masala ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushga egalik qilish uchun ruxsat berish bo‘yicha 3 ta, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a‘zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlar nomzodlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha 9 ta masala muhokama qilindi.

Bundan tashqari, kredit va to‘lov tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 16 ta masala ko‘rib chiqildi.

Jumladan, Markaziy bank ko‘rsatmalari va prudensial me‘yorlariga rioya etilishi, inspeksiya tekshiruvlari natijalari hamda moliyaviy xizmatlarni “tartibga solish qumdoni” doirasida sinovdan o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

Spot avvalroq Markaziy bank 2027-yildan kredit to‘lovlarini avtomatik yechib olishni cheklashi haqida yozgandi.