Xalqaro telekommunikatsiya xoldingi VEON (Beeline Uzbekistan egasi) O‘zbekistonda Perfectum brendi ostida faoliyat yurituvchi Rubicon Wireless mobil aloqa operatorining 100% ulushini sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Bitim qiymati qariyb $207 mln ni tashkil etadi. Bu summaga Perfectum’ning taxminan $93 mln miqdoridagi moliyaviy qarzi ham kiradi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, bitim Beeline Uzbekistan’ning tarmoq imkoniyatlarini kengaytirish, internet qamrovini yaxshilash va kelajakda 5G xizmatlarini joriy etishni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Perfectum aktivlari 850 MHz va 3 800 MHz diapazonlaridagi jami 115 MHz chastota resursini, zamonaviy tarmoq uskunalari va infratuzilmani o‘z ichiga oladi. Shuningdek, kompaniyada Nokia uskunalari asosida qurilgan mustaqil 5G tarmog‘i mavjud.
Bitim yakunlangach, Beeline Uzbekistan’ning chastota resurslari taxminan 50% ga oshishi kutilmoqda. Bu tarmoq qamrovi va sig‘imini kengaytirish, 5G xizmatlarini rivojlantirish hamda uylar va biznes uchun simsiz keng polosali internetni taklif etish imkoniyatlarini kuchaytiradi.
VEON bosh direktori Kaan Terzioglu kompaniya O‘zbekistonni asosiy o‘sish bozorlaridan biri deb bilishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Perfectum aktivlarini birlashtirish mijozlarga sifatliroq aloqa xizmatlarini taqdim etish va tarmoqqa kiritiladigan investitsiyalar samaradorligini oshirishga yordam beradi.
Beeline Uzbekistan bosh direktori Yevgeniy Nastradin esa ushbu xarid kompaniyaga mijozlarning o‘sib borayotgan aloqa ehtiyojlarini qondirish uchun qo‘shimcha resurslar berishini bildirdi.
“Perfectum'ning spektri bizning mavjud xoldinglarimizni to‘ldiradi va qamrov va sig‘imni kuchaytirish, 5G xizmatlarini joriy etish hamda uylar va korxonalar uchun simsiz keng polosani kengaytirish rejalarimizni qo‘llab-quvvatlaydi. Bizning ustuvor vazifamiz ushbu aktivlarni samarali integratsiya qilish va ularni mijozlarimiz uchun sezilarli yaxshilanishlarga aylantirishdir”, — dedi u.
Bitim VEON’ning mavjud pul mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Kompaniyaga ko‘ra, zarur tartibga soluvchi organlarning ruxsatlari olingan va bitimni oktabr oyi oxirigacha yakunlash kutilmoqda.
Perfectum nazorat paketini sotib olish
Iyul oyi o‘rtalarida Raqobat qo‘mitasi Perfectum mobil aloqa operatorining 50%ini sotish bo‘yicha bitim kelishilganini ma’lum qildi. Nazorat organi “fuqaro F.Mamatjonov"ning iqtisodiy konsentratsiya bitimini ma’qullash to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib chiqdi.
Arizachi Perfectum brendi ostida faoliyat yurituvchi Rubicon Wireless Communication kompaniyasining 50% ulushini sotib olish niyatini bildirdi. Maxsus komissiya bitimning raqobat muhitiga salbiy ta’siri yo‘qligi to‘g‘risida xulosaga keldi. Shu asosda u kelishuvni ma’qullashga qaror qildi.
KTYADRga ko‘ra, hozirda Rubicon Wireless Communication kompaniyasining asosiy ta’sischisi 50% ulush bilan Mamatjonov Farhod Faxritdinovich hisoblanadi. Qolgan ulushlar Yagona umumrespublika protsessing markazi (Uzcard) aksiyadorlariga tegishli: 41,23% — IMC-Capital xorijiy kompaniyasi, 8,77% — Kamron Akbarov.
Avgust oyida prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida InfinBank aksiyadori va Uztex Group asoschisi Farhod Mamatjanov $200 mln investitsiya jalb qilish uchun Raqobat qo‘mitasining xulosasini tezroq olishda yordam so‘radi.
O‘shanda Raqobat qo‘mitasi kompaniya iqtisodiy konsentratsiya bo‘yicha bitimga dastlabki rozilik so‘rab murojaat qilganini bildirdi. Nazorat organi mobil aloqa bozorini o‘rganayotgan va qolgan bir tafsilotlarni tahlil qilayotgan edi. Prezident ushbu masalani o‘z nazoratiga olishga va’da berdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda Google Pay ishga tushirilayotgani haqida yozgan edi.