InfinBankning asosiy aksiyadori va Uztex Group to‘qimachilik kompaniyasi asoschisi Farhod Mamatjonov Shavkat Mirziyoyevdan VEON bilan $200 mln jalb qilish imkonini beruvchi bitimni kelishishda yordam so‘radi. Bu haqda O‘zbekiston 24 telekanalining prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti haqidagi syujetida so‘z boradi.

Mamatjonov 2024-yilda Qoraqalpog‘istonda bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda prezidentga Perfectum’ga Britaniyaning Vodafone kompaniyasini jalb qilish rejalari haqida ma’lum qilganini aytdi. Keyinchalik uning guruhi Niderlandiyaning VEON (Beeline Uzbekistan egasi) kompaniyasi bilan ish olib bordi. Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, iyun oyida tomonlar barcha kelishuvlarga erishgan va $200 mln jalb qilish bo‘yicha shartnoma imzolashga tayyor.

“Iyun oyida barcha kelishuvlarga erishdik. Ular $200 mln olib kelish uchun [shartnoma] imzolashga tayyor turibdi. Bitta masalamiz — Raqobat qo‘mitasidan xulosa olishimizga yordam bersangiz. Biz $200 mln jalb qilamiz”, — dedi Mamatjonov.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi Xalilillo To‘raxo‘jayevning aytishicha, 24-iyul kuni Mamatjonovning kompaniyasi iqtisodiy konsentratsiya bo‘yicha bitimga dastlabki rozilik so‘rab murojaat qilgan.

Hozirda monopoliyaga qarshi organ mobil aloqa bozorini o‘rganmoqda va qolgan bir nechta tafsilotlarni tahlil qilmoqda. “Xudo xohlasa, Tadbirkorlar kuniga [20-avgust — tahr.] qadar uning xulosasini beramiz”, — dedi To‘raxo‘jayev. Prezident ushbu masalani o‘z nazoratiga olishga va’da berdi.

Dastlab Vodafone’ni jalb qilish rejalashtirilgan edi

2024-yil avgust oyida prezident bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda InfinBankning asosiy aksiyadori, Uztex to‘qimachilik kompaniyasi asoschisi Farhod Mamatjonov telekommunikatsiya sohasida yangi loyiha ishga tushirilishini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, unda Britaniyaning Vodafone kompaniyasi hamkor bo‘ladi.

Mamatjonov Perfectum uyali aloqa operatori xususiylashtirilganini, bu jarayonda 5G Stand Alone mobil operatori bo‘yicha ishlar amalga oshirilganini ta’kidladi. O‘rganishlar quyi bo‘g‘inga, xususiy tadbirkorga yetib borishi uchun raqamlashtirish, internet kerakligini ko‘rsatgan.

“Buning uchun Uzcard bilan hamkorlikda shu narsaning tagiga yetib borganimizdan keyin inqilobiy rejaga qo‘l urdik — Vodafone kompaniyasi tashkil etiladi. Xudo xohlasa, loyiha yangi yilda [2025] ishga tushadi. Investitsiyalar hajmi 250 mln yevroni tashkil etadi”, — dedi u.

farhod mamatjonov, raqobat qo‘mitasi, perfectum, veon, ochiq muloqot, shavkat mirziyoyev, mobil aloqa

Shuningdek, loyihada finlyandiyalik Nokia kompaniyasi uskunalar va texnologiyalarni yetkazib beruvchi sifatida ishtirok etishi kutilgan edi. Mamatjonovning qayd etishicha, buning uchun O‘zsanoatqurilishbank orqali Finlyandiya eksport agentligidan 100 mln yevro miqdorida investitsiya mablag‘lari jalb qilingan. Qolgan 150 mln yevro esa ta’sischilar tomonidan jalb qilinadi.

Perfectum nazorat paketini sotib olish

Iyul oyi o‘rtalarida Raqobat qo‘mitasi Perfectum mobil aloqa operatorining 50%ini sotish bo‘yicha bitim kelishilganini ma’lum qildi. Nazorat organi “fuqaro F.Mamatjonov"ning iqtisodiy konsentratsiya bitimini ma’qullash to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib chiqdi.

Arizachi Perfectum brendi ostida faoliyat yurituvchi Rubicon Wireless Communication kompaniyasining 50% ulushini sotib olish niyatini bildirdi. Maxsus komissiya bitimning raqobat muhitiga salbiy ta’siri yo‘qligi to‘g‘risida xulosaga keldi. Shu asosda u kelishuvni ma’qullashga qaror qildi.

KTYADRga ko‘ra, hozirda Rubicon Wireless Communication kompaniyasining asosiy ta’sischisi 50% ulush bilan Mamatjonov Farhod Faxritdinovich hisoblanadi. Qolgan ulushlar Yagona umumrespublika protsessing markazi (Uzcard) aksiyadorlariga tegishli: 41,23% — IMC-Capital xorijiy kompaniyasi, 8,77% — Kamron Akbarov.

farhod mamatjonov, raqobat qo‘mitasi, perfectum, veon, ochiq muloqot, shavkat mirziyoyev, mobil aloqa

2024-yilning mart oyida Perfectum uyali aloqa operatori yangi egasiga o‘tgani ma’lum bo‘lgan edi. Biroq sotuv haqidagi xabarlar ochiq manbalarda keltirilmagan edi. IMC-Capital va Kamron Akbarov o‘sha yilning oxirida Perfectum ta’sischilari tarkibiga kirdi. Shu bilan birga, kompaniyaning ustav kapitali 17 barobardan ortiq — 304,62 mlrd so‘mga oshdi.

Iqtisodiy konsentratsiyaga oldindan rozilik

“Raqobat to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, raqobat muhitiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan qator yirik bitimlarni amalga oshirish uchun Raqobat qo‘mitasining dastlabki roziligi talab etiladi. Jumladan, qonunda belgilangan moliyaviy mezonlarga javob beradigan bitimlarda aksiyadorlik jamiyatining 25% dan ortiq ovoz beruvchi aksiyalarini yoki MCHJ ustav kapitalidagi uchdan bir qismdan ortiq ulushni tasarruf etish huquqini qo‘lga kiritishda bunday rozilik zarur.

Bunday bitim tuzilishidan oldin arizachi qo‘mitaga ariza va bitim ishtirokchilarining faoliyati hamda moliyaviy natijalari, kompaniyalar guruhi tarkibi va yakuniy benefitsiarlari haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hujjatlar to‘plamini taqdim etadi.

Agar bitim raqobatga ta’sir qilmasa, ariza 30 kalendar kun ichida ko‘rib chiqiladi. Agar u raqobatni cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish muddati yana ko‘pi bilan ikki oyga uzaytirilishi mumkin. Yakunda qo‘mita dastlabki rozilik beradi yoki uni rad etadi.

Bitim ustun mavqening yuzaga kelishiga yoki kuchayishiga yoxud raqobatning cheklanishiga olib kelishi mumkin bo‘lsa, rozilik berish rad etilishi mumkin. Shu bilan birga, qo‘mita raqobatni saqlab qolishga qaratilgan muayyan shartlar asosida bitimni ma’qullashi ham mumkin.