Farhod Mamatjonov Perfectum operatorining 50% ulushini olishga ruxsat oldi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Nazorat organi tadbirkor Farhod Mamatjonovning Perfectum savdo belgisi ostida mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi Rubicon Wireless Communication ustav kapitalidagi 50% ulushni sotib olish bo‘yicha arizasini ko‘rib chiqdi.
Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, mazkur bitim tovar bozoridagi raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi to‘g‘risida xulosa qabul qilindi. Shu sababli ariza qanoatlantirilib, bitimga rozilik berishga qaror qilindi.
2024-yilning mart oyida Perfectum uyali aloqa operatori yangi egasiga o‘tgani ma’lum bo‘lgan edi. Biroq sotuv haqidagi xabarlar ochiq manbalarda keltirilmagan edi. Operatorning yuridik shaxsi — Rubicon Wireless Communication MChJ 100% tadbirkor Abdumalik Validjanovich Iminovga tegishli edi. Kompaniya rahbari — Dmitry Shukov.
KTYDR ma‘lumotlariga ko‘ra, hozirda Iminov kompaniyaning 50% ulushiga egalik qiladi. Qolgan 37,5% xorijiy IMC-Capital korxonasiga, 12,5% ulushi esa Akbarov Kamron Anvarovichga tegishli. Kompaniya ustav kapitali 304,62 mlrd so‘mni tashkil etadi.
2024-yilning avgustida InfinBank aksiyadori hamda UzTex Group to‘qimachilik kompaniyasi ta’sischisi Farhod Mamatjonov O‘zbekistonda Buyuk Britaniyaning Vodafone kompaniyasi bilan hamkorlikda yangi mobil operator tashkil etilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan edi.
Loyiha doirasida 5G Stand Alone texnologiyasini ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Unga 250 mln yevro investitsiya jalb qilinishi, shundan 100 mln yevrosi Finlyandiyaning eksport agentligi orqali, qolgan qismi esa ta’sischilar hisobidan moliyalashtirilishi aytildi. Loyihada Nokia uskuna va texnologiyalar yetkazib beruvchi sifatida ishtirok etadi. Yangi operator ishga tushirilishi natijasida 1000 ta ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan edi.
Avvalroq Spot AQSh konsorsiumi Mobiuz tarmog‘ini rivojlantirishga $500 mln investitsiya kiritishi haqida yozgan edi.