Mobiuz mobil operatorining 100% lik ulushi bo‘yicha o‘tkazilgan savdolarda g‘olib bo‘lgan, AQShning McKim and Company kompaniyasi boshchiligidagi investorlar konsorsiumi kompaniyani xususiylashtirish to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.

Imzolash marosimi Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF-2026) doirasida bo‘lib o‘tdi. Unda agentlik rahbari Sohibjon Murodov va McKim and Company bosh direktori Jeyms Kehill ishtirok etdi.

Memorandum shartlariga ko‘ra, konsorsium kompaniya uchun $351 mln to‘lash, shuningdek, telekommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish va tarmoqni yana-da rivojlantirish uchun $500 mln sarmoya jalb etish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi. Loyihaning umumiy qiymati $851 mlnni tashkil etadi.

aqsh, davaktiv agentligi, jvr enterprises, mckim and company, mobiuz

“Ushbu kelishuv raqamli infratuzilmani modernizatsiya qilish, sohadagi raqobat muhitini kuchaytirish hamda mamlakatda telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirishga xizmat qiladi”, — deya qayd etdi agentlik.

Davaktiv iyun oyi boshida texnologik hamkor JVR Enterprises LLC (JVR Capital Group) ishtirokida McKim and Company boshchiligidagi moliyaviy investorlar konsorsiumini tanlov g‘olibi deb e‘lon qilgan edi. Tanlovda AQSh, Yaponiya, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Yevropa va Janubiy Kavkazdan jami 15 dan ortiq investor qatnashgan.

Mobil operatorning 100% lik ulushi bo‘yicha ommaviy savdolar bir yil avval — 2025-yil iyun oyida boshlangan edi. Birinchi bosqichda 10 ta dastlabki taklif olingan bo‘lsa, finalda agentlik ushbu bosqichga o‘tishga ruxsat berilgan 7 nafar da‘vogardan 6 nafarining majburiyat yuklovchi arizalarini qabul qildi.

Kompaniya haqida

Universal Mobile Systems MobiUz Mobiuz brendi ostida GSM, UMTS va 4G LTE standartlarida mobil uyali aloqa xizmatlari va mobil internet xizmatlarini taqdim etadi. 2024-yilda kompaniyaning sof tushumi 2,086 trln so‘mni, abonentlari soni esa 7,8 mln nafarni tashkil etdi.

Kompaniya O‘zbekiston va MTS o‘rtasidagi kelishuv asosida tashkil etilgan, biroq 2016-yilda rossiyalik operator o‘z ulushini sotib yuborgan. 2018-yilda Raqamli ishonch davlat jamg‘armasi, u 2021-yilda tugatilgach, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi UMS egasiga aylandi.

Shavkat Mirziyoyev 2022-yil bahorida tasdiqlangan dasturda UMS’ni xususiylashtirish bo‘yicha topshiriq bergandi. Bir necha oy o‘tgach, Davaktiv agentligi kompaniyani sotish uchun konsultantlar izlashni boshlaganini e’lon qildi.

Joriy yilning aprel oyida prezident davlat aktivlarini, shu jumladan UMSni xususiylashtirish bo‘yicha yangi qarorni imzoladi. Undan biroz oldin esa Davaktiv agentligi direktori Akmalxon Ortiqov yaqin kelajakda mobil aloqa operatorining ulushini “xalqaro ochiq savdolarga” qo‘yish rejalarini ma’lum qilgandi.

Spot, avvalroq, Fitch Aloqabank’ni xususiylashtirish bekor qilinishi mumkinligini taxmin qilgani haqida yozgandi.