Yuksalish harakati va Tashabbuslar instituti 2019-yildan buyon e’lon qilib kelayotgan “TOP-40: boshqaruvdagi yosh rahbarlar” reytingini yangiladi. Bu haqda harakat matbuot xizmati xabar berdi.
Bu yilgi ro‘yxatga davlat boshqaruvi va turli sohalarda faoliyat yuritayotgan 40 yoshgacha bo‘lgan 40 nafar rahbar kiritildi. Ularning 29 nafari (72,5%) reytingda ilk bor qatnashmoqda.
Ro‘yxatdan bosh vazir o‘rinbosari, Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosarlari, Prezident maslahatchisi, vazirlarning birinchi o‘rinbosarlari, agentliklar rahbarlari, shahar hokimlari va yirik davlat kompaniyalari rahbarlari joy olgan.
Xususan, prezidentning iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi Kamoliddin Mardonov, prezidentning madaniyat bo‘yicha vakili Xasan Salixov, biznes-ombudsman Abdumannop Bo‘riyev, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov, Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxo‘jayev hamda IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov ro‘yxatga birinchi marta kiritildi.
Shu bilan birga, reytingga yangidan qo‘shilgan rahbarlar qatorida quyidagilar ham bor:
- Sherzod Ozodzoda — Prezident Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari;
- Ella Djaxangirova — Prezident Administratsiyasi departamenti boshlig‘i;
- Abrorjon Pulatov — Prezident Administratsiyasi rahbari kotibiyati mudiri o‘rinbosari;
- Aziz Azimov — Prezident Administratsiyasi departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari;
- Aziza Qurbonova — Prezident Administratsiyasi departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari;
- Bahodir Normurodov — Bosh prokuror o‘rinbosari;
- Baxtiyor Xaydarov — Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi direktori;
- Baxtiyor Yo‘ldoshev — Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori;
- Radjabpay Nurazizov — Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi o‘rinbosari;
- Marat Jurayev — Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari;
- Jahongir Muratov — Mudofaa vazirining o‘rinbosari;
- Rustam Mirzayev — Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari;
- Mirjalol Allakuliyev — Adliya vaziri o‘rinbosari;
- Jalol Qurbonov — Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari;
- Dildora Kamalova — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitasi raisining o‘rinbosari;
- Durdona Rahimova — Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari.
- Nurali Abdullayev — Agrosanoatni rivojlantirish agentligi direktori;
- Qurbon Tursunov — Buxoro shahar hokimi;
- Muratjon Abduraximov — Chirchiq shahar hokimi;
- Sarofiddin Lolayev — Termiz shahar hokimi;
- Laylo Aslonova — Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi;
- Otabek Sobitov — Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi.
Reyting ishtirokchilarining 17 nafari (42,5%) tashkilotning birinchi rahbari yoki mustaqil lavozimdagi mas’ul shaxs hisoblanadi. Shuningdek, ro‘yxatga 8 nafar ayol rahbar kiritilgan.
Rahbarlar faoliyati 100 ballik tizimda oltita mezon bo‘yicha baholandi. Bular: normativ-huquqiy hujjatlardagi o‘zgarishlar va rahbar tashabbuslarining ta’siri; iqtisodiy va sohaviy ko‘rsatkichlar; fuqarolar murojaatlarining ijrosi; ochiqlik, jamoatchilik va OAV bilan muloqot; xalqaro reytinglardagi o‘zgarishlar va hamkorlik; lavozimning sohadagi islohotlarga ta’siri.
Harakatning ma’lum qilishicha, ma’lumotlar davlat organlarining rasmiy saytlari, elektron va rasmiy statistika, xalqaro tashkilotlar hisobotlari hamda OAV materiallaridan to‘plangan. Ular ekspertlar guruhi tomonidan tekshirilgan.
Tashkilotchilar reytingda rahbarlarning lavozimidan ko‘ra, faoliyati natijasida sohada qanday o‘zgarishlar yuz berganiga e’tibor qaratilganini bildirdi. Ro‘yxatning to‘liq tarkibi infografikada keltirilgan:
Avvalroq Spot Markaziy bank tijorat banklarining moliyaviy ommaboplik reytingini ishlab chiqayotgani haqida yozgan edi.
