Markaziy bank aholi va tadbirkorlarning bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishda tijorat banklarining o‘rnini baholovchi reytingni ishlab chiqmoqda. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar bermoqda.
Reyting banklarni aholi, shuningdek, mikro, kichik va o‘rta biznes uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini yaratish, xizmatlarni qulay, xavfsiz va sifatli yetkazish bo‘yicha taqqoslaydi.
30-oktabr kuni Markaziy bank banklar bilan reytingni shakllantirish metodologiyasi, baholash mezonlari va dastlabki hisob-kitob natijalarini muhokama qildi. Uchrashuvda reyting ko‘rsatkichlarini hisoblashda foydalanilgan ma’lumotlar, ularning aniqligi hamda baholash jarayonini takomillashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
“Mazkur reytingning asosiy maqsadi moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, banklar o‘rtasida sog‘lom raqobatni rag‘batlantirish hamda aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirishdan iborat”, — deyiladi xabarda.
Oktabr oyida murojaatlar bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega 10 ta bank nomi ma‘lum qilingandi. Iyul-sentabr oylarida Markaziy bankka banklar faoliyati yuzasidan 12 307 ta murojaat kelib tushdi.
Avvalroq Spot Markaziy bank to‘lov svitchi orqali so‘mdagi hisob-kitoblar tartibini tasdiqlagani haqida yozgan edi.