Vazirlar Mahkamasining 31-oktabrdagi qarori bilan aholini suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlash va sohada bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish choralari belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, 15-noyabrdan aholi uchun suyultirilgan gazning chakana sotish narxi QQS bilan birga har bir kilogramm uchun amaldagi 2 ming so‘mdan 5 ming so‘mga oshiriladi.
LPG-Trade kompaniyasi tomonidan aholiga suyultirilgan gazni yetkazib berish xizmatining cheklangan narxi QQS bilan bir kilogramm uchun 1300 so‘m etib belgilanadi. Aholiga gazni belgilangan narxda yetkazib berish bilan bog‘liq iqtisodiy asoslangan xarajatlarni qoplash uchun kompaniyaga davlat budjetidan subsidiya ajratiladi.
Shu bilan birga, ehtiyojmand oilalarga suyultirilgan gaz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun kompensatsiya to‘lovlari joriy etiladi. Ushbu yordam 2030-yil 1-yanvargacha quyidagi toifadagi oilalarga beriladi:
- Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar;
- reyestrga kiritilmagan, biroq uning mezonlariga mos keladigan va jon boshiga o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 2 baravaridan oshmaydigan oilalar;
- yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashayotgan oilalar.
Kompensatsiya xarid qilingan suyultirilgan gazning har bir kilogrammi uchun 3000 so‘mni tashkil etadi. Bunda bir oyda ko‘pi bilan 20 kilogramm gaz xaridi uchun to‘lov beriladi.
To‘lovlar gaz xaridi tasdiqlanganidan keyin oilalarning ijtimoiy kartalariga o‘tkaziladi. Buning uchun Hududgazta’minot va Ijtimoiy himoya milliy agentligi E-gaz Billing hamda Yagona milliy ijtimoiy himoya axborot tizimlarini integratsiya qilishi kerak.
Qarorda suyultirilgan gaz bozorini rivojlantirish va narxlarni erkinlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish ham belgilangan. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Energetika vazirligi bilan birgalikda 2027-yil 1-maygacha bu borada hukumatga taklif kiritadi.
Bundan tashqari, Raqobat qo‘mitasi tovar-xomashyo birjalarida suyultirilgan gaz narxlarining sun’iy oshirilishiga qarshi doimiy nazorat tizimini yo‘lga qo‘yadi.
Yangi tartibga ko‘ra, bir xonadonda ikki yoki undan ortiq oila yashasa, muayyan shartlar asosida har biriga alohida maishiy gaz balloni ajratishga ruxsat beriladi.
Buning uchun har bir oilada texnik talablarga mos gaz plitasi va oshxona bo‘lishi, shuningdek, mahalla yettiligi hamda gaz ta’minoti xodimlari joyiga chiqib, dalolatnoma rasmiylashtirishi kerak. Bitta kadastr raqami mavjudligi alohida ballon ajratishga to‘sqinlik qilmaydi.
Oktabr oyida suyultirilgan gaz narxini 2026-yil 1-noyabrdan 5000 so‘mga oshirish taklifi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi. 28-oktabr kuni jarayon yakunlangan.
Avvalroq Spot isitish mavsumida ayrim ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratilishi haqida yozgan edi.