2026-yilning yanvar-sentabr oylarida UzAuto Motors’ning sof foydasi 1,87 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda kompaniya moliyaviy hisobotida ma’lum qilindi.

Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davridagi 3,52 trln so‘mga nisbatan 1,65 trln so‘mga yoki 46,9% ga kam.

Hisobot davrida avtomobil ishlab chiqaruvchining mahsulot va xizmatlarni sotishdan tushgan tushumi 13,2% ga kamayib, 30,12 trln so‘mni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, 2025-yilning to‘qqiz oyida bu ko‘rsatkich 34,71 trln so‘mga teng bo‘lgan.

Kompaniyaning sotilgan mahsulotlar tannarxi 30,61 trln so‘mdan 27,17 trln so‘mga qisqargan. Natijada yalpi foyda 4,1 trln so‘mdan 2,94 trln so‘mgacha kamaygan.

Shuningdek, UzAuto Motors’ning operatsion faoliyatidan olgan foydasi 2,96 trln so‘mdan 1,3 trln so‘mga tushib, 56,2% ga qisqargan. Soliq to‘langunga qadar foyda esa 4,09 trln so‘mdan 2,15 trln so‘mga kamaygan.

Shu bilan birga, kompaniyaning sotish xarajatlari 14,3% ga oshib, 1,17 trln so‘mga yetgan. Valyuta kurslari farqidan olingan foyda ham sezilarli kamaygan: 2025-yilning to‘qqiz oyida 726,3 mlrd so‘m bo‘lgan ushbu ko‘rsatkich joriy yilda 173,9 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Bundan tashqari, kompaniyaning tovar-moddiy zaxiralari 2026-yil boshidagi 11,7 trln so‘mdan sentabr oxirida 17,57 trln so‘mga yetgan. Pul mablag‘lari va ularning ekvivalentlari esa 1,33 trln so‘mdan 257,2 mlrd so‘mgacha kamaygan.


Avvalroq Spot AQSH, Koreya va Xitoy kompaniyalari UzAuto Motors’ni xususiylashtirishga qiziqish bildirgani haqida yozgandi.