Uchta xorijiy davlat investorlari UzAuto Motors kompaniyasini sotib olishga qiziqish bildirdi. Bu haqda 8-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xususiylashtirishga tayyorgarlik doirasida xalqaro konsultant Alvarez & Marsal tanlov asosida jalb qilingan. Buning sababini u kompaniyaning dunyo avtosanoatida yirik bitimlarni imzolashdagi ishtiroki hamda tajribali mutaxassislarga egaligi bilan izohladi.

Murodov hozirda agentlikka UzAuto Motors va UzAuto Powertrain kompaniyalarini sotib olish bo‘yicha takliflar kelib tushayotganini qayd etdi. Xususan, AQSH, Janubiy Koreya va Xitoydan investorlar qiziqish bildirgan.

Davaktiv rahbari bu qiziqishlar muayyan kompaniyaga aktiv sotilishi haqida qaror qabul qilinganini anglatmasligini ta’kidladi. UzAuto xalqaro ochiq savdo orqali xususiylashtiriladi.

“Bu haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Chunki bu bizning raqobat sharoitida xususiylashtirishni amalga oshirishimizga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Bu orqali boshqa ishtirokchilarga noto‘g‘ri signal borishi mumkin. Xususiylashtirish bitta kompaniyaga qaratilmagan, bu ochiq, xalqaro savdo bo‘ladi”, — dedi u.

Sohibjon Murodovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda xususiylashtirish strategiyasidan kelib chiqib, savdolarni tashkil etishga qaratilgan ssenariy ishlab chiqilmoqda.

Jarayonning keyingi bosqichlarida savdolarni tashkil etuvchi xalqaro konsultant tanlanadi, aktivlar xalqaro darajada baholanadi va audit (due diligence) o‘tkaziladi. Shundan so‘ng xalqaro va mahalliy OAV orqali investorlar uchun takliflar e’lon qilinadi.

Dastlabki bosqichda investorlarning qiziqish bildirish to‘g‘risidagi arizalari (EoI) olinadi, undan keyin majburiyatga ega bo‘lmagan (NBO) va keyinchalik majburiy takliflar olinadi. Eng yaxshi taklif bergan investor bilan davlat tomonidan belgilangan shartlar asosida muzokaralar olib boriladi.

“Yaxshi ma’lumki, litsenziya shartlari va ular muddati bor, alyans shartnomasi va bir qator shartlar mavjud. Bularning barchasi e’lon qilinadigan shartlardir. Ular asosida muloqotga o‘tilib, sotuv jarayonlari e’lon qilinadi”, — dedi Sohibjon Murodov.

Murodov xususiylashtirishning iqtisodiy samarasiga misol sifatida Coca-Cola Uzbekistan savdosini keltirdi. Kompaniya $252 mln ga sotilgan va investitsiya majburiyatlarini olgan. Natijada Toshkentdagi ishlab chiqarish quvvatlari qariyb ikki barobarga oshirilgan, Namangandagi korxonalar modernizatsiya qilingan, Xorazmda ishlab chiqarish kengaytirilgan va Samarqandda yangi zavod qurilgan.

Uning ta’kidlashicha, bunday loyihalar nafaqat korxonalarning ishlab chiqarish quvvatini oshiradi, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, yetkazib beruvchilar va xizmat ko‘rsatuvchilar tarmog‘ini kengaytirishga ham xizmat qiladi.

Kontekst

Sentabr oyida DABA UzAuto Motors xususiylashtirilishi ochiq va raqobatbardosh asosda o‘tishini ma‘lum qilgan edi. Unda qonunchilik talablariga javob beradigan har qanday investor alohida kompaniyalarga imtiyozlar yoki ustunlik huquqi berilmagan holda ishtirok eta oladi.

UzAuto Motors‘ni sotishga tayyorgarlik tasdiqlangan xususiylashtirish dasturi doirasida allaqachon boshlangan. Alvarez & Marsal xalqaro konsultanti UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain korxonalarida due diligence o‘tkazmoqda.

Gap UzAuto Motors‘ning 99,7% i va UzAuto Motors Powertrain‘ning 100% ulushini sotish haqida bormoqda.

“Avtostrada” nashri ma‘lumotlariga ko‘ra, “O‘zavtosanoat” va General Motors o‘rtasidagi bitim 2017-yilning oktabr oyida 10 yil muddatga imzolangan. Kelishuv doirasida UzAuto Motors GM modellarini ishlab chiqarish litsenziyasi, Chevrolet brendidan foydalanish huquqi va kompaniya texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Mazkur kelishuvning amal qilish muddati 2027-yilda tugaydi.

Avvalroq Spot UzPost Wildberries‘dan 360 mlrd so‘mlik foizsiz qarz olishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi.