Davlat aktivlarini boshqarish agentligi UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain’dagi davlat ulushlarini xususiylashtirish bo‘yicha tender e’lon qiladi. Bu haqda 17-sentabr kuni agentlik direktori o‘rinbosari Alisher Miraliyev “O‘zbekiston Respublikasi kapital bozori” VIII xalqaro Cbonds konferensiyasida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Spot muxbiri.

“Tez orada ikkita davlat kompaniyasi — UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain bo‘yicha tender e’lon qilamiz”, — dedi Davaktiv agentligi direktori o‘rinbosari.

Prezidentning o‘tgan yilgi qaroriga ko‘ra, hukumat UzAuto Motors (99,7%) va UzAuto Motors Powertrain (100%) kompaniyalarini 2025-yil oxiri va 2026-yil boshida xususiylashtirishni rejalashtirgan edi.

Aprel oyida Davaktiv direktori Sohibjon Murodov prezidentga yirik aktivlarni, xususan, UzAuto Motors va uning tarkibidagi korxonalarni, shuningdek, Navoiyazot va issiqlik elektr stansiyalarini xususiylashtirish bo‘yicha tayyorgarlik ishlarining borishi to‘g‘risida hisobot bergan edi.


Avvalroq Spot davlat strategik korxonalarni xususiylashtirishda “oltin aksiya"ni saqlab qolishi mumkin bo‘lishi haqida yozgandi.