Milliy pochta operatori — O‘zbekiston pochtasi (UzPost) Wildberries kompaniyasidan foizsiz qarz ko‘rinishida 360 mlrd so‘mlik kredit liniyasi ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 8-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov ma‘lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Avvalroq kun tartibiga Wildberries‘dan yillik 14% stavkada 100 mlrd so‘m jalb qilish bo‘yicha korporativ qaror kiritilgan, biroq mazkur masala bo‘yicha ovoz berish o‘tkazilmagan edi. Davaktiv agentligi qarzning maqsadi va qaysi yo‘nalish hisobiga qoplanishi yuzasidan savollarni o‘rtaga tashlagach, UzPost rahbariyati o‘z hamkorlari bilan muzokaralarni qaytadan boshlagan.

“Hozir biz dastlabki kelishuvlar bosqichidamiz va buni jamoatchilikka ochiq yetkazmoqchiman: 360 mlrd so‘m jalb qilish masalasi qo‘yildi, lekin foizsiz. 360 mlrd so‘m — birdaniga butun qarz olinadi, degani emas. 360 mlrd so‘mlik kredit liniyasi ochiladi. Ehtiyoj bo‘lsa, oladi, olmasligi ham mumkin”, — deya tushuntirdi Davaktiv agentligi rahbari.

Murodovning so‘zlariga ko‘ra, jalb etilgan mablag‘lar doirasidagi har bir xarid va xarajat samaradorlik nuqtai nazaridan baholanadi. Shu bilan birga, kompaniya rejalashtirilgan foizsiz qarzni taqdim etayotgani sababli Wildberries‘ning besh nafar vakili Davaktiv agentligi taklifiga binoan UzPost kuzatuv kengashiga kirib, u yerda ko‘pchilik o‘rinlarni egalladi, deya aniqlik kiritdi u.

davaktiv agentligi, o'zbekiston pochtasi, qarzdorlik, sohibjon murodov, uzpost, wildberries

Davaktiv agentligi rahbari kuzatuv kengashi joriy operatsion faoliyatga aralashmasligini, faqat strategik qarorlar qabul qilishda ishtirok etishini alohida ta‘kidladi. O‘z navbatida, kompaniyaning ijro organi hamda davlat timsolidagi aksiyadori o‘zgarmagan.

“Lekin biz ularni tajribasidan foydalanmoqchimiz. Yaʼni pochtani rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqib, unga jalb qilinayotgan qarz mablag‘laridan samarali foydalanish nuqtai nazaridan. Kuzatuv kengashi tarkibiga ularning vakillarini jalb qildik. Lekin bu muddatli shartnoma, natijasini beradigan bo‘lsa, davom ettiriladi. Natijasini bermaydigan bo‘lsa, boshqa boshqaruv usullaridan foydalanish yo‘llari ko‘riladi”, — dedi Murodov.

Spot avvalroq UzPost jarima xatlarini yetkazish to‘xtatilgani sabab, 60 mlrd so‘mgacha daromadini yo‘qotgani haqida yozgandi.