Pochta aloqasi milliy operatori hisoblangan O‘zbekiston pochtasi (UzPost) ma’muriy jarimalar haqidagi qog‘oz bildirishnomalarni yetkazib berish to‘xtatilgani sabab o‘nlab milliard so‘m daromadidan ayrildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.
Avval jarimalar haqidagi qarorlarni yetkazib berish UzPost’ga katta daromad keltiradigan yo‘nalishlardan biri bo‘lgan.
Biroq Ichki ishlar vazirligi va tijorat banklari fuqarolarni qarzdorlik va ma’muriy jarimalar haqida mobil ilovalar orqali xabardor qila boshlagach, qog‘oz hujjatlarni yuborish va yetkazib berishga ehtiyoj qolmagan.
“Raqamlashtirishdan keyin bu xizmat pochtada bekor qilindi. Bu pochta uchun juda katta moliyaviy yo‘qotishga olib keldi. Men milliardlar haqida gapiryapman. Pochta faqat bitta xizmatdan 50−60 mlrd so‘mlik daromad manbayini yo‘qotdi”, — dedi Murodov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holat UzPost faoliyatiga zamonaviyroq mexanizmlarni joriy etish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Shundan so‘ng UzPost ushbu hamkorlar bilan muzokaralarni qayta boshlagan. Murodovning aytishicha, hozirda masala bo‘yicha dastlabki kelishuv jarayoni davom etmoqda.
Uning ta’kidlashicha, bu amalga oshirilmasa, Uzum va Wildberries kabi xususiy kompaniyalar pochta operatorining raqobatbardoshligini yo‘qotishiga olib kelishi mumkin. UzPost’ning bozordagi ulushi esa allaqachon qisqargan.
UzPost 1-martdan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar haqidagi qog‘oz xatlarni yetkazib berishni to‘xtatdi.
O‘shanda IIV jarimalar haqidagi bildirishnomalar “jarima to‘g‘risidagi qarorlarni yetkazishda inson omilini kamaytirish, ishonchni mustahkamlash va aholiga qulaylik yaratish” maqsadida elektron shaklga o‘tkazilayotganini ma’lum qilgan.
Avvalroq Davaktiv UzPost Wildberries’dan qarz olishni shartlar aniqlashgach qayta ko‘rib chiqishi mumkinligi haqida aytgandi.
