O‘zbekistonda jarima xatlarini pochta orqali yetkazish to‘xtatiladi. Bu haqda UzPost milliy pochta aloqasi operatori matbuot xizmati xabar berdi.
2026-yil 1-martdan boshlab O‘zbekiston pochtasi yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun YHXX Jamoat xavfsizlik departamenti tomonidan shakllantirilgan ma’muriy bayonnomalar — jarima xatlarini yetkazish bermaydi.
Bunga IIV “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish davlat muassasasi bilan joriy yil uchun shartnoma imzolanmagani sabab bo‘ldi. UzPost bu masalaga doir yangi tafsilotlar taqdim etib borilishini bildirdi.
IIVning aniqlik kiritishicha, jarimalar to‘g‘risidagi xabarlar “jarimalar to‘g‘risidagi qarorlarni yetkazishda inson omilini kamaytirish, ishonchni mustahkamlash va aholiga qulaylik yaratish” maqsadida sinov tarzida elektron shaklga o‘tkazilmoqda.
Qarordan ko‘chirma va ilova qilingan materiallarni quyidagicha olish mumkin bo‘ladi:
- Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va MyGov ilovasi orqali;
- Safe Road ilovasida;
- Road24 ilovasida;
- Hamroh ilovasida;
- Majburiy ijro byurosi ilovasida.
Haydovchiga 6079 qisqa raqamidan jarima rasmiylashtirilgani haqida SMS-xabar keladi. Agar SMS-xabarnoma kelmasa, my.gov.uz portaliga kirib, telefon raqamini ro‘yxatdan o‘tkazish kerak.
Mazkur raqamli xizmatlardan foydalanish vaqti cheklanmagan, qo‘shimcha ro‘yxatdan o‘tish yoki hujjat taqdim etish talab etilmaydi, qaror rasmiylashtirilishi bilan bir vaqtda barcha materiallar bilan tanishish hamda qonunchilikda belgilangan muddatlarda jarimani to‘lash imkoniyati mavjud.
Joriy yilning 1-aprelidan qo‘pol qoidabuzarliklar uchun foto va videokameralar orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballari hisoblanadi. Hozirda ballar faqat YHXX xodimlari rasmiylashtirgan ma’muriy bayonnomalar asosida hisoblanadi.
Avvalroq Spot sud UzPostga nisbatan $2,6 mlnlik soliq talabini bekor qilgani haqida yozgandi. Kompaniya 2021−2023 yillar uchun QQS undirmoqchi bo‘lgan Hududlararo soliq inspeksiyasi ustidan sudda ikki marta yutib chiqdi.