Avvalroq Spot O‘zbekiston pochtasi milliy pochta operatori (UzPost) aksiyadorlari Wildberries’dan 100 mlrd so‘m miqdorida qarz olishni ma’qullamagani haqida yozgandi. Mablag‘larni Markaziy bankning asosiy stavkasi bo‘yicha jalb qilish taklif etilgan edi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (Davaktiv) UzPost atrofidagi vaziyatga izoh berdi. Agentlik ijtimoiy tarmoqlarda kompaniyaning xususiylashtirilishi va qarz olishi haqidagi xabarlar haqiqatga mos kelmasligini bildirdi. Davlat ulushini sotib olish bo‘yicha hozirgacha hech qanday hujjat rasmiylashtirilmagan.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, hozirda pochta kompaniyasining eng yirik aksiyadori Davaktiv hisoblanadi. Davlat tashkilotlari, korxonalar va banklarga tegishli bo‘lgan, UzPost ustav fondining 92,9% ini tashkil etuvchi aksiyalar paketi agentlikka o‘tkazilgan.

“Wildberries va Uzum Market kabi yirik kompaniyalar ushbu ulushni sotib olishga qiziqish bildirgan. Biroq bugungi kunga qadar davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha hech qanday hujjat rasmiylashtirilmagan”, — deyiladi agentlik xabarida.

Davaktiv UzPost moliyaviy qiyinchiliklar va transformatsiya jarayonini boshdan kechirayotganiga ham e’tibor qaratdi. So‘nggi uch yilda kompaniyaning o‘rtacha yillik sof foydasi 800 mln so‘mni, rentabellik darajasi esa 0,2% ni tashkil etgan.

Joriy yilning birinchi yarmida kompaniya tushumi 313,6 mlrd so‘mga yetdi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 17% ga kam.

Bunga ta’sir qilgan asosiy omillardan biri may oyidan boshlab yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha jarimalar haqidagi xabarnomalarni yetkazib berish xizmati to‘xtatilgani bo‘ldi. Ushbu xizmat UzPost daromadining asosiy manbalaridan biri hisoblangan.

Davaktiv ma’lumotiga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati uchun xizmatlar ko‘rsatish to‘xtatilgani sababli kompaniya to‘qqiz oy yakunida 1,7 mlrd so‘m zarar ko‘rishini kutmoqda. Shu bilan birga, pochta operatorining banklardan olgan qarzi 45,3 mlrd so‘mga yetgan.

Shuningdek, elektron tijorat bozori rivojlanayotgani sababli pochta infratuzilmasini tubdan modernizatsiya qilish zarurligi qayd etildi. Buning uchun dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 300 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ talab etiladi.

Modernizatsiya doirasida yuk avtomobillari va elektr transport vositalarini xarid qilish, qo‘shimcha pochtamatlar o‘rnatish, aloqa obyektlarini ta’mirlash hamda saralash markazini yangilash rejalashtirilgan. Shuningdek, UzPost zamonaviy IT tizimiga o‘tmoqchi.

Davaktiv ma’lum qilishicha, kompaniyada zamonaviy boshqaruv modellarini joriy etish va investitsiyalarni jalb qilish maqsadida WB Int Export bilan hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan. Muzokaralarda Wildberries’ning O‘zbekistondagi tuzilmasi 100 mlrd so‘m qarz berishga tayyorligini bildirgan.

Mazkur bitim qonunchilikka ko‘ra yirik bitim sifatida aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi kun tartibiga kiritilgan. Biroq 21-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda qarz miqdori, foiz stavkalari va to‘lov jadvali bo‘yicha kelishuvga erishilmagani sababli masala yuzasidan qaror qabul qilinmagan.

“Qarz shartlari to‘liq aniqlashtirilgach, masala qayta ko‘rib chiqilishi mumkin”, — deyiladi agentlik xabarida.

Davaktiv WB Int Export vakillarini UzPost kuzatuv kengashiga kiritish masalasiga ham izoh berdi. Agentlik matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bu qaror korporativ boshqaruvning zamonaviy tizimini joriy etish va jalb qilinishi rejalashtirilgan investitsiya mablag‘larining maqsadli sarflanishini nazorat qilishga qaratilgan.

Pochta masalasi

2025-yil iyun oyida UzPost’ning affillangan shaxslari ro‘yxatida o‘zgarishlar yuz berdi. Undan Aloqabank, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, shuningdek ustav kapitalining 20% dan ortig‘i Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar chiqarildi. Ularning o‘rniga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA), unga aloqador yuridik shaxslar hamda O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) kiritildi.

Uchta yangi subyektning barchasi UzPost’da 20% va undan ortiq ulushga ega. Bundan tashqari, sentabr oyida dastlab UzNIFga o‘tkazilishi rejalashtirilgan UzPost’ning 25% lik ulushi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tdi.

12-oktabr kuni UzPost xususiylashtirilgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Kompaniyadagi davlat ulushini Rossiyaning marketpleysi sotib olgani, xususan, Wildberries nomi tilga olingan.

Ertasi kuni UzPost xususiylashtirish haqidagi xabarlar fonida investorlarni jalb qilish rejalari borligini tasdiqladi. Kompaniya elektron tijoratning rivojlanishi va an’anaviy pochta xizmatlariga talabning kamayishi sharoitida xizmatlarni diversifikatsiya qilish, qulaylik va texnologik imkoniyatlarga bo‘lgan talab ortayotganini qayd etdi.

UzPost ma’lum qilishicha, investitsiyalar infratuzilmani modernizatsiya qilish, logistika tizimini rivojlantirish, raqamli yechimlarni joriy etish, pochta bo‘limlari tarmog‘ini, jumladan, qishloq joylarda kengaytirish hamda pochta jo‘natmalari va posilkalarni qayta ishlash hamda yetkazib berish uchun zamonaviy quvvatlarni yaratishga yo‘naltiriladi.

Undan keyin vaziyatdan xabardor manba Spot’ga davlat ulushini RVB — Wildberries & Russ birlashgan kompaniyasi sotib olganini ma’lum qilgandi. Rossiya bozoridagi ikki manbaga tayanib, RBC ham Wildberries pochta operatorini xususiylashtirish jarayonida ishtirok etganini yozdi. Suhbatdoshlardan biri marketpleysning O‘zbekistondagi rejalari keng ekanini bildirgan.

Uzum raqamli ekotizimi ham UzPost’ga investitsiya kiritishga, shuningdek Uzum Market’dagi barcha buyurtmalarning 10% igacha bo‘lgan qismini pochta infratuzilmasi orqali yetkazib berish hajmini oshirishga tayyorligini bildirdi. Guruh yaqin 3−4 yil ichida O‘zbekistonga jami $1,5 mlrd investitsiya kiritishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Keyinroq Uzum UzPost uchun o‘tkaziladigan savdolarda ishtirok etish uchun ariza topshirganini bildirgan.

Ekotizimda pochta xizmati davlatning eng muhim aktivlaridan biri sifatida uni boshqarish nafaqat biznes, balki milliy manfaatlarni ham hisobga olgan holda amalga oshirilishi kerakligi ta’kidlandi.

“Pochta bir qator muhim ijtimoiy funksiyalarni bajaradi, butun mamlakat bo‘ylab minglab ish o‘rinlarini ta‘minlaydi va aynan O‘zbekiston IT-kompaniyasi bilan sinergiya samaradorlik va ijtimoiy ish o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga, shuningdek, UzPost’ning barcha hamkorlari, xoh o‘zbekistonlik yoki chet ellik o‘yinchilar, xoh yirik yoki kichik biznes bo‘lsin, manfaatlarini muvozanatlashtirishga imkon beradi”, — deyiladi xabarda.

Oktabr oyida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi DABA’dan pochta operatoridagi 29,4% lik davlat ulushini sotish bo‘yicha savdolarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashni talab qildi. Idora xususiylashtirilayotgan aktivlar haqidagi ma’lumotlarni Ochiq ma’lumotlar portalida e’lon qilish bo‘yicha qonunchilik talablarini eslatdi.


Avvalroq Humo Air aviakompaniyasi davlatga qaytarilgach, yana sotuvga chiqarilishi haqida yozgandi.