Raqobat qo‘mitasi Uchkurgan Textile kompaniyasi tomonidan Uztex Group’ning 100% aksiyalari sotib olinishini ma’qulladi. Bu haqda nazorat organi matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘mitaga ko‘ra, bitim bo‘yicha ariza bergan Uchkurgan Textile paxta tolalarini tayyorlash va yigirish faoliyati bilan shug‘ullanadi. Uztex Group esa trikotaj ustki kiyimlar ishlab chiqaradi.

Arizani ko‘rib chiqqan maxsus komissiya bitim raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi degan xulosaga keldi. Qo‘mita arizani qanoatlantirish hamda bitimga rozilik berish haqida qaror qildi.

Korxona va tashkilotlar reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Uchkurgan Textile 2013-yilda Namangan viloyatining Uychi tumanida tashkil etilgan. Kompaniya paxta kalavasi ishlab chiqaradi va O‘zto‘qimachiliksanoat uyushmasi a’zosi hisoblanadi. Kompaniyaning ustav fondi — 40 mlrd so‘m. Uning yagona ta’sischisi Akmal Zaxidov, rahbari esa Adiljan Jurayev hisoblanadi.

2010-yilda tashkil etilgan Uztex Group korxonasi esa trikotaj kiyimlar ishlab chiqaradi, uning ustav fondi 300,56 mlrd so‘mni tashkil etadi.


Iyul oyi oxirida Raqobat qo‘mitasi Uztex guruhining Zarofattex kompaniyasini qo‘shib olishini kelishgan edi. Kiyim tikuvchi bu korxona Chirchiqda faoliyat yuritgan va Uztex bilan bir manzilda ro‘yxatdan o‘tgan.

Bundan oldin qo‘mita Perfectum mobil operatorining 50% ulushini sotish bo‘yicha bitimni kelishganini ma’lum qilgan edi. Regulyator “fuqaro F. Mamatjonov"ning shu brend ostida ishlovchi Rubicon Wireless Communication kompaniyasining 50% ulushini sotib olish haqidagi arizasini ko‘rib chiqqan.

Avgust oyida prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida InfinBank’ning yirik aksiyadori va Uztex Group asoschisi Farhod Mamatjonov $200 mln investitsiya jalb qilish uchun Raqobat qo‘mitasining xulosasini tezroq olishda yordam so‘ragan. Prezident masalani shaxsiy nazoratga olgan, shundan so‘ng qo‘mita raqobat muhitiga xavf yo‘qligini aniqlab, iqtisodiy konsentratsiyaga dastlabki rozilik bergan.

Oktabrda Raqobat qo‘mitasi VEON UZB Holding kompaniyasining Perfectum operatorini sotib olishini ma’qulladi. Bunda xaridor Perfectum’ni sotib olgandan keyin kamida 3 yil alohida operator sifatida saqlashi, abonentlar huquqlarini himoya qilishi va ularni Beeline va VEON raqamli xizmatlaridan foydalanishga majburlamasligi kerak.

Avvalroq Spot WB Taxi O‘zbekiston taksi bozorida ustun mavqega ega deb topilgani haqida yozgandi.