Raqobat qo‘mitasi VEON’ning Perfectum mobil operatorini sotib olishiga bir qator shartlar asosida rozilik berdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Nazorat organi VEON kompaniyalar guruhiga kiruvchi VEON UZB Holding Ltd kompaniyasining O‘zbekistonda Perfectum brendi ostida mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi Rubicon Wireless Communication’ning 100% aksiyalarini sotib olish bo‘yicha arizasini ko‘rib chiqdi.

BAAda ro‘yxatdan o‘tgan VEON UZB Holding Ltd kompaniyasi O‘zbekistonda Beeline brendi ostida mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi Unitel MCHJ XKning ustav fondida 100% ulushga ega.

Qo‘mita maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijasida bitimga raqobatni ta’minlashga qaratilgan bir qator shartlar asosida oldindan rozilik berish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Ushbu shartlar quyidagilardan iborat:

  • Perfectum operatorining kamida 3 yil davomida alohida faoliyat yuritishini hamda 5G Standalone texnologiyasini boshqa hududlarga kengaytirishni ta’minlash;
  • amaldagi abonentlar uchun 5G FWA tariflarini 12 oy davomida saqlash, yangi abonentlarga qulay shartlar yaratish va internetning o‘rtacha tezligini 300 Mbit/s dan pasaytirmaslik;
  • abonentlarga shartnoma predmetiga aloqador bo‘lmagan shartlarni majburan yuklamaslik va ularning boshqa mobil operatorlarga o‘tish erkinligini cheklamaslik;
  • abonentlarni Beeline va VEON guruhiga tegishli raqamli platformalar xizmatlaridan foydalanishga majburlamaslik hamda raqobatchi xizmatlardan foydalanishini cheklamaslik;
  • abonentlarga xizmat ko‘rsatish shartlarini asossiz ravishda yomonlashtirmaslik va ularning huquqlarini himoya qilish;
  • abonentlarning shaxsiy va tijorat ma’lumotlari himoyasini ta’minlash, ulardan raqobatni cheklash maqsadida foydalanmaslik hamda qonunchilik talablariga zid ravishda xorijiy serverlarga uzatmaslik;
  • “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun talablariga rioya etish va bozorda sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash.

Bundan oldin VEON Perfectum mobil aloqa operatirining 100% ulushini sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishganini e’lon qilgan edi. Kompaniyaga ko‘ra, bitim qiymati qariyb $207 mlnni, shu jumladan, Perfectum’ning taxminan $93 mln miqdoridagi moliyaviy qarzini tashkil etadi.

Perfectum nazorat paketini sotib olish

Iyul oyi o‘rtalarida Raqobat qo‘mitasi Perfectum mobil aloqa operatorining 50%ini sotish bo‘yicha bitim kelishilganini ma’lum qildi. Nazorat organi “fuqaro F.Mamatjonov"ning iqtisodiy konsentratsiya bitimini ma’qullash to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib chiqdi.

Arizachi Perfectum brendi ostida faoliyat yurituvchi Rubicon Wireless Communication kompaniyasining 50% ulushini sotib olish niyatini bildirdi. Maxsus komissiya bitimning raqobat muhitiga salbiy ta’siri yo‘qligi to‘g‘risida xulosaga keldi. Shu asosda u kelishuvni ma’qullashga qaror qildi.

KTYADRga ko‘ra, hozirda Rubicon Wireless Communication kompaniyasining asosiy ta’sischisi 50% ulush bilan Mamatjonov Farhod Faxritdinovich hisoblanadi. Qolgan ulushlar Yagona umumrespublika protsessing markazi (Uzcard) aksiyadorlariga tegishli: 41,23% — IMC-Capital xorijiy kompaniyasi, 8,77% — Kamron Akbarov.

Avgust oyida prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida InfinBank aksiyadori va Uztex Group asoschisi Farhod Mamatjanov $200 mln investitsiya jalb qilish uchun Raqobat qo‘mitasining xulosasini tezroq olishda yordam so‘radi.

O‘shanda Raqobat qo‘mitasi kompaniya iqtisodiy konsentratsiya bo‘yicha bitimga dastlabki rozilik so‘rab murojaat qilganini bildirdi. Nazorat organi mobil aloqa bozorini o‘rganayotgan va qolgan bir tafsilotlarni tahlil qilayotgan edi. Prezident ushbu masalani o‘z nazoratiga olishga va’da berdi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda Google Pay ishga tushirilayotgani haqida yozgan edi.