19-oktabr kuni kechqurun 110 kV kuchlanishli Sokin-2 va Botanika-1 elektr uzatish tarmoqlarida kuchlanish yo‘qolishi natijasida poytaxt va Toshkent viloyatining ayrim tumanlarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatildi. Bu haqda Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari filiali xabar berdi.
Xususan, uzilishlar Qibray, Toshkent va Yunusobod tumanlarining ayrim hududlariga ta’sir qilgan. Kompaniya soat 19:32 da mutaxassislar tomonidan iste’molchilarni boshqa elektr manbalariga o‘tkazish va elektr ta’minotini qisqa muddatlarda tiklash choralari ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
Sokin podstansiyasida 110 kV kuchlanishli L-Sokin-1 elektr uzatish liniyasidagi iste’molchilar elektr ta’minoti boshqa manbadan ta’minlandi.
Soat 19:54 ga kelib, Yunusobod, Astronomiya va Limonchi podstansiyalaridagi qurilmalar orqali ta’minlangan iste’molchilarning elektr ta’minoti to‘liq tiklandi. Yana uch daqiqadan so‘ng L-Botanika-1 elektr uzatish liniyasidagi iste’molchilar elektr ta’minoti boshqa manbadan ta’minlangani ma’lum qilindi.
Svetanet.uz xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, soat 20:10 holatiga elektr uzilishlari haqida 129 ta xabar kelib tushgan, ulardan 102 tasi tasdiqlangan. Xabarlarning aksariyati Toshkentning Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlariga to‘g‘ri kelgan.
Undan keyin Energetika vazirligi matbuot xizmati Toshkentning ayrim hududlarida elektr ta’minotida kuzatilgan uzilish qisqa vaqtda qayta tiklanganini ma’lum qildi.
19-oktabr kuni soat 19:05 da Qibray tumanida joylashgan Aksa Toshkent issiqlik elektr stansiyasidagi transformator himoya tizimi ishga tushishi natijasida stansiya quvvati 460 MVtdan 185 MVtgacha kamayishi kuzatildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bunga stansiyaning T-5 transformatoridagi shikastlanish sabab bo‘lgan. Buning oqibatida Yunusobod, Olmazor, Mirzo Ulug‘bek va Shayxontohur tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida vaqtincha uzilish kuzatildi.
Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida soat 19:09 da Yunusobod va Olmazor tumanlarida elektr ta’minoti qisman tiklangan. Soat 19:25 da esa zaxira manbalar orqali ta’minot to‘liq tiklangan. Soat 19:38 da barcha iste’molchilarning elektr ta’minoti to‘liq qayta tiklangan.
Avvalroq Spot Energetika vazirligi qishda rejali ta’mirlashlardan tashqari elektr uzilishlari bo‘lmasligini aytgani haqida yozgan edi.