Qishda O‘zbekistonda rejali uzilishlardan tashqari holatlarda elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lishi kutilmayapti. Bu haqda 14-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Energetika vazirligi vakili ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, eskirgan tizimlarni modernizatsiya qilish va yangilash uchun rejali ta’mirlash ishlari zarur. Xavfsizlik nuqtayi nazaridan, ishlar davomida yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalari vaqtincha o‘chiriladi. Shu sababli iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berish to‘xtatiladi. Aholi esa bunday uzilishlar haqida oldindan ogohlantiriladi.

“Bizlarda hozir kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari yaxshi ketyapti. Xudo xohlasa, rejaviy uzilishlardan tashqari holatlarda elektr energiyasida uzilishlar bo‘lishi kuzatilmayapti”, — dedi Energetika vazirligi vakili.

2025-yilda O‘zbekistonda elektr ta’minotidagi uzilishlar bo‘yicha shikoyatlar ikki baravar kamaydi. Energetika vazirligiga 108,3 mingta murojaat kelib tushdi — bu o‘tgan yilga nisbatan uchdan bir qismga kam. Ilk bor gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolarga shikoyatlar elektr ta’minotidagi uzilishlarga qaraganda ko‘proq bo‘ldi — 45% va 41%.

Elektr energiyasi bo‘yicha murojaatlar 40 foizga kamayib, 44 mingtaga yetdi. Murojaatlarning eng ko‘p uchraydigan mavzusi elektr uzatish tarmoqlari tayanchlari va transformatorlarni qurish va ta’mirlash bo‘ldi — 17,4 ming dona (-35,8%). Ikkinchi o‘ringa elektr ta’minotidagi uzilishlar tushdi — 14 mingta (-49,7 foiz).

Avvalroq Spot 2050-yilgacha energetika sohasini rivojlantirish bo‘yicha Milliy bosh reja ishlab chiqilishi haqida yozgan edi.