Avvalroq Shavkat Mirziyoyev yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi investorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazayotgani haqida yozgandi.

Muloqot davomida O‘zbekistonda energetika sohasini 2050-yilgacha rivojlantirish bo‘yicha Milliy bosh reja ishlab chiqilib, ochiq e’lon qilinishi belgilandi.

Hujjatning dastlabki qismi 1-martgacha, tarmoqlarga ulanish imkoniyatlari xaritasi kelgusi yil 1-martgacha, to‘liq bosh reja esa 1-iyulgacha taqdim etiladi.

Qayd etilishicha, hujjatlarda hududlarda elektr energiyasiga talabning o‘sishi, zarur infratuzilma va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish imkoniyatlari ko‘rsatiladi. Bu investorlarga uzoq muddatli rejalar tuzishda yordam beradi.

Shuningdek, “yashil” energiya ishlab chiqaruvchilarga sertifikatlar va karbon kreditlari orqali qo‘shimcha daromad olish imkoniyati yaratiladi.

Bunday daromadni davlat va investorlar o‘rtasida taqsimlash mexanizmlari joriy etilib, xalqaro ekologik majburiyatlar va amaldagi shartnomalar hisobga olinadi.

Prezident elektr energiyasini ishlab chiqarish bilan birga, uni iste’molchilarga yetkazib beruvchi tarmoqlarni ham rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Elektr ishlab chiqarish, uzatish va energiyani saqlash tizimlari o‘zaro uyg‘un ishlashi kerak.

Hozirda Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridagi elektrga talabning bir qismi boshqa hududlarda ishlab chiqarilgan energiya hisobidan qoplanmoqda.

Yangi sanoat zonalari va yirik korxonalar ishga tushishi esa tarmoqlarga tushadigan yuklamani yanada oshiradi.

Sun’iy intellekt va ma’lumotlar markazlari ham elektr energiyasiga talab tez o‘sayotgan yo‘nalishlar qatoriga kiradi. Shu sababli ular uchun yer maydonlari, elektr tarmoqlariga ulanish imkoniyatlari va “yashil” energiya manbalari oldindan belgilanadi.

Yirik ma’lumotlar markazlarida asosiy va zaxira elektr ta’minoti, energiyani saqlash hamda sovitish tizimlari birgalikda rejalashtiriladi.

Investorlardan elektr energiyasi va suvdan samarali foydalanadigan texnologik yechimlar qo‘llash kutilmoqda.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish oqibatida 825,3 mlrd so‘m zarar yetkazilgani haqida yozgandi.