2026-yilning yanvar-sentabr oylarida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish oqibatida davlat manfaatlariga 825,3 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. Bu haqda O‘zenergoinspeksiya axborot xizmati xabar berdi.

Xususan, 29,1 mln kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish oqibatida 390,2 mlrd so‘m, 226,4 mln kVt·soat elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish natijasida esa 435,1 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.

Shuningdek, energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan 4196 ta ma‘muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

O‘zenergoinspeksiya tadbirkorlik subyektlarining elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun hisob-kitoblarini ham o‘rgangan.

Natijada 199 ta tadbirkorlik subyekti uchun elektr energiyasiga ortiqcha hisoblangan 3,6 mlrd so‘m va tabiiy gazga 12,1 mlrd so‘m qayta hisob-kitob qilingan.

Bundan tashqari, AYQSH va korxonalardan olingan namunalar tahlili natijasida 308 ta holatda jami 7435,6 tonna neft mahsuloti sifatsiz ekani aniqlanib, ularning sotuvga chiqarilishiga yo‘l qo‘yilmagan.

Spot avvalroq Toshkentda har yili kamida 200 MVt yangi energiya quvvatlarini ishga tushirish zarurligi haqida yozgandi.