AQSH ma’muriyati Jekson-Vanik tuzatishini bekor qilish tarafdori. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio 19-oktabr kuni Samarqandda Registon maydoniga tashrifi doirasidagi jurnalistlar bilan muloqotda ma’lum qildi.

Uning aytishicha, AQSH ma’muriyati Kongressdan ushbu cheklovni bekor qilishni so‘ragan, biroq Kongress hozircha bu masalani hal qilishga ulgurmagan.

“Biz uni bekor qilish tarafdorimiz. Kongressda ham buni qo‘llab-quvvatlaydigan bir nechta kuchli ovozlar bor. Senatdagi tasdiqlash eshituvlari vaqtida ham mendan bu haqda so‘rashgan va men tuzatishni bekor qilish tarafdori ekanimni aytganman. Ma’muriyat ham buni amalga oshirishni so‘ragan. Kongress hali bunga ulgurmadi, ammo umid qilamizki, bu masala hal etiladi”, — dedi Rubio.

2025-yilning noyabr oyida respublikachi senator Jeyms Rish C5+1 platformasining 10 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda AQSH Senatiga Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Jekson-Vanik tuzatishi doirasidagi cheklovlarni bekor qilishga qaratilgan qonun loyihasi kiritilishini ma’lum qilgandi.

Uning aytishicha, senator Stiv Deyns va boshqa hamkasblari bilan birgalikda tayyorlangan qonun loyihasi mintaqa mamlakatlari bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi. Rish Markaziy Osiyo mamlakatlari Rossiya va Xitoy kabi yirik davlatlar orasida joylashganini ta’kidlab, AQSH mintaqa davlatlariga iqtisodiy hamkorlik uchun imkoniyatlar taklif qilayotganini bildirdi.

Jekson-Venik tuzatishi Savdo qonuniga AQSh Kongressi tomonidan 1974-yilda sovuq urush davrida qabul qilingan edi. U fuqarolarning emigratsiyasiga ruxsat bermagan yoki bunga to‘sqinlik qilgan “bozor iqtisodiyotiga ega bo‘lmagan” mamlakatlar bilan savdo aloqalarini cheklaydi.

Asosiy maqsad Sovet Ittifoqi va boshqa sotsialistik lager mamlakatlaridan chiqib ketishni taqiqlashga qarshi kurashish edi. SSSR allaqachon parchalanib ketgan bo‘lsa-da, tuzatish Markaziy Osiyoni ham qo‘shgan holda, baʼzi mamlakatlar uchun kuchda qolgan edi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston va AQSh kosmosni tadqiq etish bo‘yicha Artemida bitimlarini imzolagani haqida yozgan edi. Hujjat O‘zbekistonning Oy, Mars va boshqa osmon jismlarini tadqiq etish, kosmik texnologiyalar transferi hamda NASA bilan hamkorligini kengaytirishga qaratilgan.