O‘zbekistonda dollar kursi tushdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

20-oktabrdan amal qiladigan Amerika valyutasining rasmiy kursi 12 044,72 so‘m etib belgilandi. Savdo kuni davomida kurs 11 so‘m 18 tiyinga tushdi.

15-oktabr kuni valyuta birjasida dollar kursi iyul oyi oxiridan beri eng yuqori darajaga yetdi. AQSH valyutasi 48,49 so‘mga qimmatlab, 12 011,65 so‘mni tashkil etdi. Bu 31-iyuldan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Dollar 6-oktabrdan boshlab ketma-ket sakkiz ish kuni davomida qimmatladi. Eng katta kunlik o‘sish 10-oktabrda kuzatildi: o‘shanda dollar kursi 51 so‘mdan ko‘proqqa oshib, avgust o‘rtalaridan beri ilk bor 11 897 so‘mga yetgan edi.

Bungacha AQSH valyutasi fevral oyidagi keskin o‘sishdan so‘ng uzoq muddat pasayish tendensiyasini namoyish etgan. Avgust boshidan dollar kursi 12 000 so‘mdan past bo‘lib, 2023-yil 10-avgustdagi devalvatsiyadan keyingi eng past darajani besh marta yangilagan. So‘nggi bor uch yillik eng past ko‘rsatkich 11-sentabr kuni qayd etilgan — o‘shanda dollar 11 765 so‘mgacha tushgan edi.

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning ta’kidlashicha, so‘nggi to‘qqizta savdo sessiyasida so‘mning dollarga nisbatan 2% ga qadrsizlanishiga global bozorda dollar mustahkamlanishi bilan birga boshqa omillar ham ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Jumladan, davlat yoki xususiy sektorning qarz to‘lovlari, oltin eksportining kamayishi va xorijdan pul o‘tkazmalari hajmining mavsumiy pasayishi so‘mga bosim o‘tkazgan bo‘lishi mumkin.

Shunga qaramay, Xolboyev hozircha so‘mning keskin qadrsizlanishini kutmayapti. Uning qayd etishicha, eksport va investitsiyalar o‘sishda davom etmoqda.

Avvalroq Spot banklarda kassa va inkassatsiya qoidalari o‘zgartirilgani haqida yozgan edi.